Katta xato – Zelenskiy Ukraina yadroviy quroldan voz kechgani haqida

Olam

image

Ukraina 1994 yilda xavfsizlik kafolatlari evaziga yadroviy quroldan voz kechish to‘g‘risida Budapesht memorandumini imzolab, shoshqaloqlik bilan noto‘g‘ri qaror qabul qilgan. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiy “The Rest Is Politics” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

Kelishuvda Rossiya, AQSH va Buyuk Britaniya ham ishtirok etgan. 

“NATOga a’zolik – Ukraina yadroviy arsenal evaziga olishi kerak bo‘lgan eng kam narsa edi. Biz nima oldik? Hech narsa. Bu adolatsiz o‘yin va katta xato edi”, deydi Zelenskiy.

Uning fikricha, Ukrainadan bu masalada yon berishni so‘ragan davlatlar unga “xavfsizlik soyabonini”, ehtimol “yadroviy soyabonni” berishlari kerak edi. Biroq himoya haqidagi barcha va’dalar aldov bo‘lib chiqqan va bugungi kunda Rossiya Ukraina bilan urushda, jumladan, Budapesht memorandumi imzolanishi sababli topshirilgan strategik samolyotlardan foydalanmoqda.

Bundan avval ham Zelenskiy Ukrainaning yadroviy quroldan voz kechganini tanqid qilgan. U bu qarorni “mutlaqo ahmoqona, mantiqsiz va juda mas’uliyatsiz” deb atagan. 

“Agar men yadroviy qurolni almashganimda, uni har qanday tajovuzkorni, uning buyukligi, hududi va armiyasidan qat’i nazar, haqiqatda to‘xtata oladigan juda kuchli narsaga almashgan bo‘lardim”, degan Zelenskiy 2025 yilda.

U, shuningdek, o‘z fikrini AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan ham o‘rtoqlashib, Ukraina “yadroviy qurolni urushga almashganini” aytgan. 

Ma’lumki, Rossiya Qrim va Donbassning bir qismini egallab olganda, Kiyev xavfsizlik kafolatchilari sifatida AQSH va Buyuk Britaniyaga murojaat qilgan, biroq kutilgan yordamni olmagan. Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan ikki yil o‘tib, amerikalik va yevropalik mulozimlar o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Jo Baydenga Ukrainaga sobiq Ittifoqdan meros qolgan va Budapesht memorandumi tufayli voz kechilgan yadroviy qurolni qaytarishga yordam berishni taklif qilgan. Bunday qaror Kreml uchun tezkor va kuchli to‘xtatuvchi omil bo‘lishi qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Zelenskiy yadroviy qurol Budapesht memorandumi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing