Ukraina Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini to‘xtatdi
Olam
−
13 noyabr 8373 2 daqiqa
Rossiya va Ukraina o‘rtasida shu yil davomida bo‘lib o‘tgan tinchlik muzokaralari natija yo‘qligi sababli to‘xtatildi. Bu haqda 11 noyabrda, Ukraina Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa “The Times” gazetasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil yozidan beri Kiyev xalqaro hamkorlarni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga bosimni kuchaytirishga va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan shaxsiy uchrashuvga undashga urinib kelgan.
“Diktatura sharoitida diktatorni namoyon qiluvchi muzokara guruhlari bilan samarali muloqot olib borish mumkin emas. Ular juda qattiq mandatga ega va ularga berilgan yo‘riqnomadan chetga chiqolmaydi”, dedi Kislitsa, Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya va Ukraina delegatsiyalari uchrashuvlariga ishora qilib.
Istanbuldagi muzokaralar may, iyun va iyul oylarida uch bosqichda o‘tgan. Ukraina shartsiz o‘t ochishni to‘xtatish va fuqarolik infratuzilmasiga zarbalarni to‘xtatishni talab qilgan. Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchiligidagi rossiyalik delegatsiya esa sulhdan bosh tortgan va Moskva anneksiya qilgan hududlarning tan olinishini, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari sonini cheklashni talab qilgan.
Kislitsa intervyusi chop etilgandan keyin, Rossiya TIV Kreml Turkiyada muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini bildirdi.
“Turkiyalik vakillar bir necha bor muzokaralarni qayta tiklashni taklif qilishgan. Rossiya tomoni tayyor, to‘p Ukraina tarafida”, dedi 11 noyabr kuni TASS agentligiga bergan izohida Rossiya TIVning MDH mamlakatlari bo‘yicha ikkinchi departamenti rahbari Aleksey Polishuk.
Polishukning ta’kidlashicha, avvalgi uchrashuvlarda “gumanitar sohada muhim kelishuvlar” – harbiy asirlarni keng ko‘lamda almashish, halok bo‘lganlarning jasadlarini qaytarish va fuqarolik shaxslarini repatriatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
Polishuk Ukraina Rossiyaning “Istanbul jarayoni doirasida uchta ishchi guruh tashkil etish” haqidagi taklifiga javob bermaganini bildirdi. Bunga javoban Kislitsa Rossiya tashabbusi faqat rasmiyatchilik uchun qilinganini aytdi: rossiyaliklar “WhatsApp guruhlari” va shunga o‘xshash kanallar orqali muloqot qilishni taklif etgan, ammo masalalarning mazmunini muhokama qilishdan qochgan. Ukraina diplomatiga ko‘ra, Moskva shunday yo‘l bilan AQSHga go‘yoki muzokaralarda ilgarilash bordek ko‘rsatib, yangi sanksiyalardan qutulishni istagan.
Live
Barchasi