Mirziyoyev strategik materiallar bo‘yicha mintaqaviy markaz tuzishni taklif qildi
Jamiyat
−
01 Sentabr 2025 2981 4 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 sentyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Strategik materiallar bo‘yicha SHHT mintaqaviy markazini tashkil qilishni taklif qildi.
“Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan hozirgi tendensiyalarni hisobga olib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Biz keng mintaqamizda iqtisodiy hamkorlikning barqaror modellarini shakllantirish tarafdorimiz”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shavkat Mirziyoyev SHHT makonida mintaqaviy ichki mahsulot ayirboshlash hajmini oshirishga turtki beradigan Savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitim imzolanishini muhim vazifa, deb hisoblashini qayd etdi. U ishonchli ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish zarur ekanini ta’kidladi.
“Shu munosabat bilan SHHT doirasida minerallarni qazib olish va chuqur qayta ishlashda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida Strategik materiallar bo‘yicha SHHT mintaqaviy markazi tashkil etishni taklif qilaman”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Shu bilan birga O‘zbekiston Prezidenti SHHT mamlakatlarida muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish va “yashil” energetikani jadal rivojlantirish uchun SHHT Energetika konsorsiumi, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilgari surish uchun Venchur kompaniyalari va jamg‘armalari tarmog‘i, SHHT mamlakatlari mintaqalarini jalb qilgan holda, biznes bo‘yicha muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalarni ilgari surish uchun Maxsus elektron portal kabi qator yangi ko‘p tomonlama platformalar va kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash vositalarini tashkil etishni taklif qildi.
“Mintaqaviy sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalarini tezroq joriy etish muhim. Ushbu masalani vakolatli vazirlar darajasida yana bir bor ko‘rib chiqishni taklif etamiz”, deya qo‘shimcha qildi Prezident Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi Shimol – Janub va Sharq – G‘arb yo‘nalishlari bo‘yicha transport-tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish SHHT mamlakatlarining umumiy manfaatlariga javob berishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va Hind okeani portlariga chiqadigan janubiy yo‘nalishdagi yo‘laklarni rivojlantirish alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
“Biz “SHHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon – bir yo‘l” strategik tashabbusi bilan bog‘lash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz. Bu yangi multimodal tarmoqlar, raqamli platformalar va “yashil” yo‘laklar yaratishni nazarda tutadi. Bu borada tegishli ko‘p tomonlama konsepsiyani ishlab chiqishni taklif etamiz”, dedi Mirziyoyev.
Uning aytishicha, SHHTning “yashil” transformatsiya sohasidagi hamkorligini kengaytirish ham yana bir ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Prezident Mirziyoyev Xitoy tomonining tashabbusi bilan “Yashil” sanoat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonot o‘z vaqtida qabul qilinmoqda, deb hisoblashini bildirdi.
“Iqlim o‘zgarishiga moslashish, havoga zaharli gazlarni chiqarishni kamaytirish, ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari bo‘yicha mintaqaviy platformani ishga tushirish zarur”, dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va xalq diplomatiyasi institutini kuchaytirish SHHT doirasidagi uzoq muddatli sheriklikning muhim omili ekanini qayd etdi.
“Xalq ijodiyoti xalqaro festivallarini o‘tkazish, “SHHT universiteti” sheriklik tarmog‘ining onlayn kampusini yaratish, innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha har yili talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov va olimpiadalar tashkil etish gumanitar almashuvlarni rivojlantirish va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga kuchli turtki berishi mumkin.
Bundan tashqari, “Sayyohlik yo‘lagi” va SHHT tibbiyot turizmi alyansini ishga tushirish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishni taklif etamiz”, dedi u.
Ma’lumot uchun, SHHT sammiti 31 avgustdan 1 sentyabrgacha Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Unda 20 dan ortiq davlat rahbarlari va 10 ta xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etmoqda. Sammit yakunida hamkorlik bo‘yicha 15 ta yangi hujjat imzolandi. SHHT 2001 yil 15 iyunda Shanxayda tashkil topgan. Dastlab u oltita davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Tojikiston va O‘zbekistonni o‘z ichiga olgan bo‘lsa, 2017 yilda Hindiston va Pokiston, 2023 yilda Eron, 2024 yilda Belarus tashkilotga a’zo bo‘ldi.