Isroil G‘azo markazida quruqlik va havodan operatsiya boshladi

Olam

image

Isroil kuchlari bugun, 21 iyul kuni G‘azoning markaziy qismidagi Dayr al-Balah shahrida 20 oydan ortiq vaqt davomida hech qanday jangovar jang bo‘lmagan hududda quruqlikdan va havodan operatsiya boshladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Operatsiya tinch aholini ko‘chirishning yangi to‘lqinini keltirib chiqardi, jumladan, deyarli ikki yillik mojaro tufayli ko‘chirilgan ko‘pchilikni. Operatsiya bugun, 21 iyul kuni erta tongda, isroillik harbiylar shaharning janubi-g‘arbiy qismidagi olti mahalla aholisini evakuatsiya qilishni buyurganidan bir necha soat o‘tib boshlandi. Bu hudud hozirda G‘azo janubidagi Rafah va Xon Yunusdan kelgan minglab qochqinlarga mezbonlik qilmoqda.

Kecha, 20 iyul kuni isroillik harbiylar Dayr al-Balah janubi-g‘arbidagi yuz minglab g‘azoliklar boshpana olayotgan bir qancha mahallalar aholisiga uylarini tark etib, janub tomon yo‘l olishlarini buyurgan varaqalarni havodan uloqtirdi. Isroil armiyasi matbuot kotibi Avichai Adrayei X ijtimoiy media platformasidagi postida Isroil Dayr al-Balah atrofida, jumladan, “ilgari amaliyot o‘tkazmagan hududda“ “faoliyatini kengaytirayotganini” yozdi. U falastinliklarni xavfsizligi uchun O‘rtayer dengizi sohilidagi “janubdagi al-Mavasi hududiga ko‘chishga” chaqirdi.

Mahalliy jurnalistlarning aytishicha, Isroil tanklari va harbiy mashinalari artilleriya va samolyotlar niqobi ostida Kisufim nazorat punkti orqali shaharga kirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Isroil qo‘shinlari oldinga siljish paytida portlashlar va otishmalar aks etgan videolar paydo bo‘ldi.

BBC'ning mintaqadagi muxbirlariga ko‘ra, kecha e’lon qilingan evakuatsiya buyrug‘i qochqinlar orasida keng vahima uyg‘otgan. Aholi yangi hujum Isroilning Dayr al-Balohni anklavning markaziy hududidan ajratib turadigan yangi harbiy yo‘lak yaratish rejasining bir qismi bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Isroil manbalarining bildirishicha, armiya shu paytgacha hududlarga kirmagan, chunki u yerda HAMAS garovga olinganlarni saqlashi mumkinligidan shubhalangan. G‘azoda garovga olingan 50 nafar isroillikdan kamida 20 nafari tirik ekani taxmin qilinmoqda.

SAXAL operatsiyasi qolgan garovga olinganlarning oilalari orasida ham xavotir uyg‘otgan, ular ham yaqinlari hududda saqlanmoqda, deb hisoblaydi va operatsiya oqibatida ularga zarar yetishidan qo‘rqadi. 19 iyul kuni garovga olinganlarning oilalari Isroil hukumatini “Isroil fuqarolari va oilalariga zudlik bilan urush rejasi nima ekanini va G‘azodagi o‘g‘irlanganlarni qanday himoya qilishini tushuntirishga” chaqirdi. 

Birlashgan Millatlar Tashkilotining gumanitar yordam agentligi evakuatsiya haqidagi buyruqni G‘azodagi gumanitar sa’y-harakatlarga “yana bir halokatli zarba” deb atadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Dayr al-Balahda gumanitar omborlar, tibbiy klinikalar va muhim suv infratuzilmasi kabi o‘nlab muhim ob’ektlar mavjud.

“Ushbu infratuzilmaga yetkazilgan har qanday zarar hayot uchun xavfli oqibatlarga olib keladi. Yangi operatsiya Dayr al-Balahni yorib yuboradi ... bu sektorni yanada parchalaydi, bu gumanitar guruhlarning G‘azo bo‘ylab xavfsiz va samarali harakat qilish qobiliyatini cheklaydi”, deya ogohlantirdi BMT. 


Maqola muallifi

Teglar

Isroil G'azo Dayr al-Balah

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing