Suriya Janubiy Koreya bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi
Olam
−
11 aprel 2304 1 daqiqa
Kecha, 10 aprel kuni Suriya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Asad Shiboniy Janubiy Koreya bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish haqidagi kelishuvni imzoladi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Damashqqa tashrifi chog‘ida Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Cho Txe-Yul Suriya vaziri bilan diplomatik vakolatxonalar, jumladan, elchixonalar ochish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, uchrashuvda arab davlatiga insonparvarlik yordami, jumladan, dori-darmon, tibbiy asbob-uskunalar va guruch bilan yordam ko‘rsatish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Asad Shiboniy Janubiy Koreyaning qo‘llab-quvvatlashi Suriya uchun muhim ekanini ta’kidlab, “xalqaro tinchlikka hissa qo‘shadigan do‘stona hamkorlikka” umid bildirgan. Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, diplomatik munosabatlarning tiklanishi “Suriya bilan hamkorlikda yangi sahifa” bo‘lishiga umid qilmoqda.
Agentlikning ta’kidlashicha, Janubiy Koreya hozirda KXDRdan tashqari barcha BMTga a’zo davlatlar bilan diplomatik aloqalarga ega. Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi o‘tmishda Suriya bilan aloqalarni o‘rnatish aynan Suriyaning KXDR bilan yaqin aloqalari tufayli murakkablashganini eslatgan.
Live
Barchasi