Mirziyoyev Turkmaniston Prezidentini tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 iyun kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. 

O‘zbekiston rahbari suhbat avvalida Turkmaniston Prezidentini tug‘ilgan kuni munosabati bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyat tiladi. 

Bugungi Turkmaniston Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov rahbarligida davlat va jamiyat qurilishi sohasida, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida ulkan yutuqlarga erishayotgani alohida qayd etildi.

Turkmanistonning xalqaro nufuzi izchil yuksalib borayotgani ta’kidlandi. Turkmaniston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ushbu tashkilot va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida navbatdagi rezolyutsiya qabul qilingani, 2020-2021 yillarda mamlakatda sambo va trek velosporti bo‘yicha jahon chempionatlari o‘tkazilishi bundan dalolat beradi.

Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy siyosatga doir dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, transport, energetika, sanoat va qishloq xo‘jalishi sohalaridagi kooperatsiyani kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Prezidentlar  Hukumatlararo qo‘shma komissiya ishini faollashtirish, shuningdek, chegaradosh hududlar o‘rtasidagi samarali ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar hamkorlikni davom ettirish lozimligini aytib o‘tdilar.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari ikki qardosh mamlakatlar va xalqlar farovonligi, butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror taraqqiyoti yo‘lida O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash borasidagi intilish qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedov O'zbekiston-Turkmaniston

Baholaganlar

6

Reyting

3.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing