Dubay – sukunatga cho‘kkan orzular shahri

Olam

Yangi turdagi koronavirus COVID-19 infeksiyasi butun dunyoni izdan chiqardi. Virus eng rivojlangan mamlakatlar, iqtisodning eng qaynagan nuqtalarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shular qatori dunyo megapolislari orasida o‘zining betakror binolari, ko‘zni quvontiruvchi go‘shalari bilan mashhur bo‘lgan BAAning Dubay shahri ham o‘z salobatini yo‘qotgandek, go‘yo. “National Geographic” bo‘shab qolgan Dubay ko‘chalarining videosini taqdim etdi. Unda har qanday salobat va mahobat faqat va faqat inson ishtiroki bilanligini ko‘rish mumkin.

Yaqin Sharqning savdo, moliyaviy va turistik markazi sanalgan shaharda ayni vaqtda karantin hukm surmoqda. Inson uchun birlamchi masala uning hayoti va sog‘lig‘i ekanligi shu shahar misolida gavdalanmoqda. Har kuni minglab turistlarni lol qoldirgan mahobatli bino – Burj-Xalifa ham bugun yolg‘izlik girdobida qolmoqda. 

Kuchaytirilgan karantin choralari bilan birga 4 apreldan buyon ikki hafta davomida shaharning barcha nuqtalarida dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda. Zich aholiga ega bo‘lgan shaharda bir oiladan faqatgina bir vakil (niqob va maxsus qo‘lqop bilan) tashqariga chiqish huquqiga ega.

Sayohat muxlislarining orzusi bo‘lgan Dubayning Palma orollari, Atlantis kurort mehmonxonasi, Burj Al-Arab inshootlari, Shayx Zayed shosselari  bugun havas qilgudek holatda emas. 

Birlashgan Arab Amirligi koronavirusga qarshi ta’sirli choralar qo‘llash bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. 11 aprel kuni ikki davlat rahbarlari o‘zaro qo‘ng‘iroqlashib, pandemiya masalasida fikr almashdi. BAA rahbari Abdulla ben Zayd Al Naxayyon hamkorlikni yuqori baholab, Xitoy hukumati tomonidan yuborilgan tibbiy vositalar uchun o‘z tashakkurini bildirgan. 

Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda BAAda 4 123 koronavirusga chalingan. Ulardan 680 nafari davolangan, 22 kishi vafot etgan. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Dubay karantin Abdulla ben Zayd Al' Naxayyon

Baholaganlar

78

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing