Qanday ob’ekt tugallanmagan deb hisoblanadi?

Jamiyat

image

Shaharsozlik kodeksida qurilish ob’ektini tugallanmagan deya e’tirof etish uchun muddatni hisoblab chiqarishning yangi tartibi belgilandi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.

Bu nima sababdan muhim?

Tugallanmagan qurilish ob’ektlarining xususiy mulkdorlariga quyidagi ta’sir choralari qo‘llaniladi:

  • yuridik shaxslar soddalashtirilgan tartibdan soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tkaziladi;
  • soliq imtiyozlari va preferensiyalar amal qilishi to‘xtatilib, ushbu ob’ektlar bo‘yicha mol-mulk solig‘i va yer solig‘i 2 karra miqdorda, 6 oy o‘tgandan so‘ng – 5 karra, 12 oy o‘tgandan so‘ng va keyinchalik – 10 karra miqdorda to‘lanadi.

Ushbu tartib Soliq kodeksining 269, 2691, 283, 348-moddalarida hamda Prezidentning 4.09.2018 yildagi “Ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–3928-son qarorida belgilangan.

Shu sababli «tugallanmagan qurilish ob’ekti» atamasi nimani anglatishi jiddiy ahamiyatga ega.

Nega tuzatish kiritish talab etildi?

Soliq kodeksining 266-moddasida tugallanmagan qurilish ob’ektlari jumlasiga nimalar kirishi ko‘rsatilgan. Ular jumlasiga:

  • ushbu qurilish ob’ektiga doir loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda qurilishi tugallanmagan ob’ektlar;
  • agar qurilishning normativ muddati belgilanmagan bo‘lsa, – ushbu ob’ektlarning qurilishiga vakolatli organning ruxsati olingan oydan e’tiboran 24 oy ichida qurilishi tugallanmagan ob’ektlar kiradi.

Normativ muddat qanchaligi aniq bo‘lsa, ushbu normaning ikkinchi qismi tuzatish kiritishni talab etadi. Gap shundaki, 2019 yil 1 martdan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish bekor qilinib, uning o‘rniga ularning boshlanishi haqida xabardor qilish mexanizmi joriy etildi (5.02.2018 yildagi PQ–4160-son qarorga qarang).

Qanday hisoblaylik?

Shaharsozlik kodeksida hisoblashning yangi muddati belgilangan, normativ muddat loyiha-smeta hujjatlarida mavjud bo‘lmaganda – qurilish boshlangan sana. Ushbu sanadan e’tiboran ikki yil ichida tugallanmasa, ob’ektning qurilishi tugallanmagan deb hisoblanadi.

Buyurtmachi qurilish boshlanadigan muddat to‘g‘risida vakolatli organlarga axborot taqdim etishi shartligi Shaharsozlik kodeksining 54-moddasida nazarda tutilgan. 5.02.2018 yildagi PQ–4160-son qarorning mohiyatiga ko‘ra, ushbu axborot xabarnoma shakliga ega bo‘lishi kerak. Demak, ikki yillik muddat (normativ muddat mavjud bo‘lmaganda) bunday xabarnoma berilgan paytdan boshlab hisoblanadi.

Ushbu qoida yakka tartibdagi uylarni qurish uchun berilgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Yana nimalar qilish lozim?

Birinchidan, atamalar bir xil talqin qilinishi uchun Soliq kodeksini Shaharsozlik kodeksiga muvofiqlashtirish, unda qurilish boshlangan sanadan e’tiboran (normativ muddat mavjud bo‘lmaganda, tahr.) belgilangan muddat o‘tgach, ob’ektning qurilishi tugallanmagan deb hisoblanishini qayd etish zarur.

Ikkinchidan, Shaharsozlik kodeksining 54-moddasiga qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olishni bekor qilish va ularning boshlanishi haqida xabardor qilish mexanizmini joriy etishni nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritish talab etiladi. Eng asosiysi, soliq oqibatlari nuqtai nazaridan bunday xabarnoma berish tartibini belgilash zarur.


Maqola muallifi

Teglar

qurilish shaharsozlik

Baholaganlar

10

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing