Adliya vaziri taklifi: “Amaldorlarning daromadlari ham, xarajatlari ham deklaratsiya qilinishi kerak”

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 24 yanvardagi Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan murojaatida amaldorlar daromadlari haqida deklaratsiya to‘ldirishi va bu korrupsiyaga qarshi kurash uchun zarur ekani haqida ta’kidlagan edi. Kuni kecha Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan o‘tgan uchrashuvda QALAMPIR.UZ muxbiri vazirga ushbu masalada murojaat qildi. Vazir bu bo‘yicha aniq mexanizmdan hozircha xabari yo‘q ekanini ta’kidladi. 

“Deklaratsiya masalasi juda dolzarb. Adliya vazirligi sifatida biz qo‘llab-quvvatlaymiz. Kerak bo‘lsa, buni birinchi adliya tizimidan boshlashni taklif ham qilganmiz. Buning umumiy huquqiy asoslari “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunda keltirib o‘tilgan. Prezidentimiz bevosita yangi mexanizmni shakllantirish haqida gapiryapti. Davlat xizmati bo‘yicha agentlik tuzilgan. Shular bosh-qosh bo‘lib ko‘taryapti”, deya ta’kidladi Ruslanbek Davletov.

Hukumat Bosh yuristi bu tartib qachon bo‘lishi haqida aytish vakolatida emasligini qayd etdi va bu tartib bo‘yicha o‘zining taklifini berdi. 

“Qachon bo‘lishi haqida ayta oladigan vakolatli organ emasmiz. Lekin biz buni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz baribir shunga boramiz. Nafaqat daromadni, balki xarajatni ham deklaratsiya qilish kerak. Daromadni deklaratsiya qilaverasiz, lekin xarajatni ham deklaratsiya qilsangiz, farq keyin chiqadi. Shuning uchun xarajatga e’tibor qilish kerak. 

Xalqaro konvensiyada bitta norma bor, sizdagi mulkni qayerdan olganingizni isbotlash majburiyati yuklanadi. Siz aybdor deyilmaysiz, faqat isbotlab berishingiz kerak. Davlat uni noqonuniy ekanini isbotlab bermaydi, balki siz uni qonuniyligini isbotlab berishingiz lozim. Aybsizlik prezumpsiyasiga to‘g‘ri kelmaydi deb bunga biz qo‘shilmaganmiz. Rossiya ham qo‘shilmagan.
Prezidentimiz ham aytmoqdaki, pulni, uyni, mashinani qayerdan olganini isbotlab bersin. Biz buni ikki qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Ruslanbek Davletov. 

Ma’lumot uchun, parlament palatalari rahbarlari, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, hokimlar va boshqa qator mansabdorlar mulk va daromadlarini deklaratsiya qilishiga oid prezident qarori loyihasi muhokamaga chiqarilgan va u 2020 yil 1 yanvardan ishga tushishi kerak edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Adliya vazirligi

Baholaganlar

73

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing