Tramp AQSHni ikkiga bo‘lishni istaydi – sobiq Pentagon rahbari

Olam

image

AQSHning sobiq Mudofaa vaziri Jeyms Mettis (2017 yil yanvaridan 2018 yil dekabrgacha) Prezident Donald Trampni namoyishchilarni tarqatib yuborish va tartibni tiklash uchun harbiylardan foydalanish mumkinligi haqidagi gapini tanqid qildi. Iste’fodagi generalning kecha, 3 iyun kuni “The Atlantic” jurnalida e’lon qilgan so‘zlariga ko‘ra, Tramp mamlakatni ikkiga bo‘lib tashlaydi va uning harakatlari konstitutsiya ustidan kulishdir.

"Donald Tramp amerikaliklarni birlashtirishga urinmayotgan, buning o‘rniga bizni ikkiga bo‘lishga harakat qilayotgan hayotimda uchratgan ilk Prezidentdir. Biz uch yil davomida maqsadsiz harakatlarning, uch yil davomida rahbariyat yetuksizligining guvohi bo‘lmoqdamiz. Biz usiz ham, fuqarolik jamiyatimizning kuchli tomonlariga murojaat qilgan holda birlasha olamiz”, dedi Mettis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar haqli ravishda hamma uchun teng adolat talab qilmoqda. "Bu to‘g‘ri va birlashtiruvchi talab. <...> Bizni oz sonli jinoyatchilar chalg‘itmasligi lozim", dedi iste’foga chiqqan general.

"Men Konstitutsiyani himoya qilishga qasamyod qilganman. Ammo xuddi shunday qasam ichgan harbiy xizmatchilar o‘z vatandoshlarining konstitutsiyaviy huquqlarini buzish uchun yuboriladi, deb o‘ylamagan edim...", dedi Pentagonning sobiq rahbari. U Oq uy oldidagi Lafayet-skverda namoyishchilarni tarqatib yuborishni hokimiyatni suiste’mol qilish, deb atadi.

Mettisning so‘zlariga ko‘ra, Amerika shaharlari qarama-qarshilik maydoni sifatida ko‘rilmasligi kerak. Harbiy xizmatchilar faqat gubernatorlarning iltimosiga binoan va juda kamdan-kam hollarda jalb qilinishi kerak. "Shtatlar va shaharlar rahbariyati jamoat tartibini saqlash uchun javobgar bo‘lishi lozim. Chunki ular o‘z aholisini yaxshiroq biladi va ular oldida javobgardir", dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh

Baholaganlar

211

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing