Ko‘zimizni ko‘kartirib, ko‘chaga chiqishimiz shart emas – Norboyeva

Intervyu

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashdi. Uchrashuv bahonasida QALAMPIR.UZ Senat raisini savolga tutdi. Qisqa videointervyuni yuqoridagi slayderda tomosha qilishingiz mumkin.

Qamariddin Shayxov, jurnalist:

— Qonunchiligimiz, uning tashviqotiga mas’ul tashkilotlar, Xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘ladimi, shunga oid jamoatchilik bilan ishlaydigan tashkilotlarimizning faoliyati bir qadar zerikarli bo‘lib qolgandek ko‘rinadi. Qonunlar, qarorlar chiqariladi. Lekin uni yangi usullar bilan yetkazish darajasi biroz pastdek. Aytaylik bir xorijiy mamlakat ayollarga qarshi zo‘ravonlikni shunday ifodalayaptiki, shahar markazidagi bino devoriga ayollarning poyabzalini ilib chiqyapti. Bu o‘sha yili zo‘ravonlik sabab vafot etgan 404 nafar ayollarning xotirasiga e’tibor qaratish va zo‘ravonlikka qarshi kurashishning yangicha usuli. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 73-sammitda butun mamlakatlar rahbarlarining e’tiborini qaratish uchun maydonga bolalar portfellarini qo‘yib chiqdi. Bu urush, qurolli to‘qnashuvlar hududlarida vafot etgan bolalar xotirasiga e’tibor qaratish orqali chiqarilayotgan qarorlar, qonunlar dunyo miqyosida xalqlarni o‘ylantirsin degan ma’noda edi. 

Biz bir taklif bergandikki, uni ommaviy ravishda yozish imkoni bo‘lmadi. Bizda katta inshoatlarda, jumladan Senatda ham o‘sha Humo, o‘sha Amudaryo, paxta, bog‘-rog‘lar, bug‘doyzorlarimizning surati tasvirlanadi. Senatning senatorlar o‘tiradigan kursilari ro‘parasida panno bor. Shu yerga irqi, millati, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar bolalarning suratini qo‘yaylikki, senatorlarimiz qonun, qaror qabul qilayotganda bir qarab olishsin. Ertangi avlodga qanchalik foydamiz tegyapti, to‘g‘ri qaror qabul qilyapmizmi, noto‘g‘ri qaror qabul qilyapmizmi degan ma’noda. 

Mana shunaqa loyihalarni, xalqqa yaqin loyihalarni ko‘paytirish kerak. 
O‘zbekiston gender tengligi va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni taqiqlashga oid qonunlarni qabul qilishga 15 yil kechikdi. Oxirgi vaqtlarda Yevropa matbuotida “Ko‘zi ko‘karib ko‘chaga chiqqan ayol O‘zbekistonda gender tengligining namunasi” degan gaplarni o‘qigandirsiz. Siz bunga qanday qaraysiz? 

Tanzila Norboyeva, Senat raisi:

Fikringiz uchun ham, savoliz uchun ham rahmat. Juda ham dolzarb masalani ko‘tardingiz. Haqiqatan ham biz ikki qonunni qabul qilishga juda ham ko‘p yillar sarfladik. Bizga mana shu qonunlar kerak edi. Bizda zo‘ravonlik bor, lekin u panada bo‘ladi va hech kim ochiq aytolmasdi. Chunki bu stereotip – ko‘chadagi, uyingdagi bo‘layotgan bir voqeani ko‘chaga chiqib aytmaslik. Mayli, ko‘chaga chiqib bong urib aytmasin, lekin maslahat olish huquqi, kimgadir borib konsultatsiya olish odati ham bo‘lmagan edi. Mana shu narsalar aytilganda, bizda zo‘ravonlik yo‘q, bizda hamma ayollar va erkaklar teng huquqli, konstitutsiyada va boshqa qonunlarda teng huquqli deyilgan, bizda hech qanaqa muammolar yo‘q degan gap bo‘lar edi. Lekin tahlillar shuni ko‘rsatardiki, sizni aytganingizdek bizda zo‘ravonlik ham bemalol edi. Zo‘ravonlik deganda uni hech kim bilmas edi ham. Zo‘ravonlik o‘zi nima u? Siz aytgandek ko‘zi ko‘karib, eri urib, o‘ldirib qo‘yganlik zo‘ravonlikmi? Ishxonada ham, jamoada ham rahbar tomonidan ayolni hech qanday sabablarsiz ishdan bo‘shatib yuborish yoki bo‘lmasa ayolni xizmat vazifalarida ko‘tarmaslik, u ming iqtidorli bo‘lsa ham... Mana shu masalalarga e’tibor bo‘lmas edi. Shuning uchun davlat rahbarimiz O‘zbekistonni rivojlantirishning 5 strategiyasini e’lon qilganlarida  dasturning ichida agar e’tibor berib o‘qisangiz erkaklar va ayollarning teng huquqliligi va ayollarga imkoniyatlar berilishi to‘g‘risida normalar bor va uni amalga oshirish nuqtai nazaridan mana shu qonunlar ishlab chiqildi. 

Aytib o‘tishimiz kerak davlatimiz rahbari birinchi kundan boshlab ayollarga katta e’tibor qaratdilar. Bu ayollarga sharoit yaratish, ayollarning ish sharoitlarini ta’minlash edi. Ayniqsa, chet ellarga ketib qolib, ishlabyotganlar. Yaxshi ma’noda ishlasa mayli, lekin qiynalib, hech qanday mutaxassisligi bo‘lmasdan, chet ellarda yurib, birovlarning uyida yashab, qandaydir yomon holatlarga tushib qolishiga mutlaqo qarshi edilar. Shuning uchun farmon chiqdi, farmondan keyin ikkita qonun ham qabul qilindi. Mustaqillikning shuncha davrida qilinmagan ishlar oxirgi uch yilning ichida, hattoki, oxirgi ikki yilni ichida amalga oshirildi. 

Bir yil bizga tahlilga ketdi. 2017 yildan 2018 yilgacha siz aytayotgan masalalarni chuqur tahlilini qildik. Nima uchun birdaniga qabul qilmadik, chunki tahlil qilish kerak edi. Hududlardagi, tarmoqlardagi  muammolar o‘rganildi.  Ayollar, erkaklar bilan yoshlar bilan suhbatlar shuni ko‘rsatdiki, bu qonunlar kerak. 

Xotin-qizlar qo‘mitasida ikki yarim yil ishlagan bo‘lsam, ikki yarim yillik faoliyatimizni mana shu qonuniy asoslarni yaratish va shu yo‘nalishda tizimlarni yaratishga qaratdik. Markazlar tashkil qilish, ish bilan ta’minlash bo‘yicha tizim yaratish, kreditlar berish tizimini yaratish, uy-joylar bilan ta’minlash, Prezidentimizning belgilab bergan yo‘nalishlari va buni amaliyotini biz qildik. Lekin aytishim kerak bu bilan masala hal bo‘ldi degani emas. Muammo hal bo‘lgani yo‘q hali. Biz endi birinchi qadamni qo‘yib, qonuniy asosini yaratdik. Lekin uning natijasi bo‘lishi uchun siz aytayotgandek zerikarli holatdagi tashkilotlar faol bo‘lib ishlashi kerak. Ular zerikarli o‘tirib, bugun kun o‘tdi, bo‘ldi, bugun bunday tadbirni o‘tkazdik, ertaga bu tadbirni o‘tkazamiz bilan emas, aynan Qoraqolpog‘istonlik ayollarni nima qiynayapti yoki vodiy ayollarini nima qiynayapti degan savol bilan hammaga yakka tartibdagi mexanizmlarni ishlab chiqish kerak. Konstitutsiya kunida ham Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, Qonunlar hammasi qog‘ozlarda hali.

Bizning katta kamchiligimiz qonunlarni ko‘p qabul qilaveramiz, lekin uni amaliyotga tadbiq qilish mexanizmlari hali aniq emas. Qonunga qaysidir vazirlik mas’ul bo‘ladi. Masalan , “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildik. Uning asosiy ijrochisi Moliya vazirligi hisoblanadi. Mana shu davlat organi qonunni qanday qilib pastgacha tushirish, eng quyi bo‘g‘in –mahallagacha yetkazish, targ‘ibot qilish va uni bajarishga mas’ul. Mas’ular yuragidagi vijdon o‘sha mexanizmlarni, choralarni ishlashi kerak. Bizda mana shunaqa mexanizmlar yo‘q. Birinchidan, davlat idoralaridagi rahbarlarning o‘zidagi mas’uliyat yetarli darajada emas. Qonunlarni pastgacha tushib tushintirish va uni doimiy bajarilishiga e’tibor berish masalasida. Ikkinchidan, davlat organi aholini xabardor qilishdan o‘zi manfaatdor bo‘lishi kerak. Bu qonun meni qonunim, men mas’ul bo‘lgan qonunni xalq bilishi kerak, degan manfaat bo‘lishi kerak. Lekin o‘sha manfaat ularda mutlaqo yo‘q. Mutlaqo yo‘q, buni bemalol aytishim mumkin. 

Shu kungacha men bironta vazirlikni ko‘rmaganmanki, o‘zining faoliyatiga doir biror qonunning targ‘ibot yoki media planini ishlab chiqqqan bo‘lsa.  Hech qachon olib bormagan. Shuning uchun bu masalani Senat qilishi kerak edi. Lekin Senat ham buni shu kunga qadar yaxshi bajarmadi. Hududlarda vakillarimiz bor, bu faqat bu yerga kelib, qonunni qabul qilish yoki qabul qilmaslikka “knopka” bosib ketish emas. Ular qonun qabul qilindimi, demak o‘z hududiga borib, o‘sha rejani tuzib, hududida amaliyotga tadbiq qilishga mas’ul bo‘lishi kerak. Ammo, bunday bo‘layotgani yo‘q. Shuning uchun davlat rahbari juda ham bezovta bo‘lib gapirdilarki, qonunlarni ko‘p qabul qilyapmiz, zo‘r qonunlar, lekin ularning ko‘pi ishlamayapti. Qolaversa, odamlarimizning ham huquqiy madaniyati yetarli emas, deb aytdilar. Biz huquqiy madaniyatni qanday qilib oshiramiz deganda, hamma o‘z vazifasini topib olishi kerak. Masalan ayollarga oid ikkita qonun bo‘yicha asosiy ijrochi bitta Xotin-qizlar qo‘mitasi emas, lekin asosiy “ dirijyor ” Xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lishi kerak. 

Qayerga bormaylik men savol beryapman. Mana shu qonun qabul qilinganini bilasizlarmi desam, yo‘q  bilmaymiz deyishyapti. Zo‘ravonlik o‘zi nima deb so‘rasam, ular “er xotinini haydab, ko‘chaga chiqarib yuborgani” deb tushunadi. Zo‘ravonlik ish joyida psixologik nuqtai nazardan bosim yoki do‘sti tomonidan qiynoqqa solinishi bo‘lishi mumkin. Albatta, u jismoniy tazyiq ko‘rinishida bo‘lmasligi ham mumkin. Jismoniy jihatdan emas, psixologik nuqtai nazardan ham bosim bo‘layotgan bo‘lishi mumkin-ku. Bular qonunlarda yaxshi yozilgan. 

Ayollarimiz hozir eshikma-eshik tashkilotlarga borib “meni uyim yo‘q, meni qaynonam ko‘chaga chiqarib yubordi, turmush o‘rtog‘im haqorat qildi yoki ish joyimdagi rahbarim u dedi, bu dedi” degan gaplarni juda ko‘p eshityapmiz. Qonun hali ishlamayapti.

Yangi saylanadigan deputatlar ham, senatorlar ham, mahalliy kengash deputatlari ham qonun masalasini o‘zining birinchi ustuvor vazifasi deb belgilab olishi kerak. Myen qayerda ishlashimdan qat’i nazar mana shu narsani o‘zimga vazifa qilib olaman. 

Senatorlarimizning ham vakolatlari tugayapti. Ular bu juda ko‘p tajriba to‘plashdi. Ular ham borib joyida ishini davom ettirish kerak. Qonun qabul qilindimi, demak amaliyoti bo‘lishi kerak. Odamlarimizga manfaatli bo‘lishi kerak. Odamlarimiz ko‘chalarga chiqib, sarson bo‘lib yurishi kerakmas. Biz shunga erishishimiz kerak bo‘ladi. 

Siz aytayotgan protestlarga munosabatimni bilmoqchi bo‘lsangiz, shuni aytamanki, biz g‘arbga taqlid qilib ko‘zimizni ko‘kartirib ko‘chaga chiqishimiz shart emas. Biz o‘zimizga xos ibo, boshqacha yo‘llar bilan buni tushuntiramiz.  Alohida yig‘ilib, muhokama qilib, individual tarzda, birovning sha’niga tegmasdan, o‘zimizga xos bo‘lgan bir mentalitet asosida bu narsalar bilan, albatta, kurashishimiz kerak. 

Qamariddin Shayxov, jurnalist:

— Mavjud qonun va qonunosti hujjatlarga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlari ham bor. Masalan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini faoliyat kuni besh kun etib belgilangan. Ayollar esa shanba kuni ham ishda bo‘ladi. Bolani kimga qoldirishi kerak?  Bunda xalqaro qonunchilikda e’tirof etilgan holatlar buzilayotganini ko‘rish mumkin. 

Tanzila Norboyeva, Senat raisi:

Mustaqillikning ilk yillarida MTTlarga qamrov 17 foiz edi. Bog‘cha yo‘q edi, bog‘chalarning hammasini xususiylashtirib olishgandi. Hozir qaranglar qamrov 48 foizga chiqdi. Shu oxirgi 3 yilning ichida 48 foizga o‘sdi. 

Hozir ko‘p ayollar bog‘chalar ikki yoshdan bo‘lishi kerak deydi. To‘g‘ri talab. Lekin davlatimizning hozir mablag‘i yetmaydi. Sobiq Sovet davrida olti oylikdan bolani bog‘chaga berish mumkin edi. Shanba kuni ham bola bog‘chada bo‘lardi. Bora-bora jarayonlar noto‘g‘ri yo‘ldan ketgani uchun bog‘chalar ham yo‘q bo‘lib ketdi. Mustaqillikning ilk yilida 17 foiz bo‘lsa, bundan uch yil avval ham bu ko‘rsatgich 20 foizdan oshmagan edi. 3 yilning ichida 48 foiz bo‘ldi.  
Siz aytayotgandek shanba kuni ishlashi ta’minlanadi.  Bu yil davlat byudjetidan juda katta mablag‘ bolalar bog‘chalariga ajratildi. Shanba kun ham bo‘ladi, ikki yashar bola ham qamrab olinadi. Lekin davlat birdaniga hamma narsani qila olmaydi. Inson huquqini albatta ta’minlashimiz kerak, lekin davlatni ham imkoniyati yetavermaydi. Bu mablag‘ va kadrlar bilan bog‘liq. O‘sha bog‘chani tashkil qilib qo‘ydik ham deylik, lekin kadrlar hozir yo‘q.

Biz ozgina sabr-toqatli bo‘lishimiz kerak. Lekin bu degani masalani ko‘tarmanglar degani emas. Sizlar ko‘taryapsizlar, biz rejaga kirityapmiz. 

Qamariddin Shayxov, jurnalist:

— Amaldorlarning OAV bilan muloqot madaniyati kun tartibida turibdi. Davlat idoralari rahbar xodimlarining OAV bilan o‘zaro munosabatlarini tartibga solish uchun O‘zbekistonga qandaydir bir hujjat kerak emasmi? 

Tanzila Norboyeva, Senat raisi:

“Davlat xizmatchilari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilamiz. Unda davlat xizmatchilariga asosiy talablar qo‘yiladi. O‘sha talablarga javob bermaydiganlar ishdan ozod qilinadi yoki boshqa choralar ko‘riladi. Albatta, siz aytayotgandek davlat xizmatchilari, u qaysi lavozimda ishlashidan qat’i nazar birinchi talab uning odamiyligi bo‘lishi kerak, insonlarga munosbati, uning madaniyati. Mana shu sifat bo‘lmasa, u qanday yetuk mutaxassis bo‘lmasin odamlar bilan ishlay olmaydi. Shuning uchun bu ham qonunlarimizda, hujjatlarimizda bo‘ladi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva

Baholaganlar

61

Reyting

4.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing