Koronavirusga qarshi vaksinani ilk bor o‘zida sinagan shaxs bu qanday bo‘lganini gapirib berdi

Olam

image

Dunyoda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi eksperimental vaksinani olgan amerikalik Jennifer Xoller o‘z his-tuyg‘ulari haqida “The Telegraph”ga bergan intervyusida gapirib berdi.

“Birinchi kuni haroratim biroz ko‘tarildi. Ikkinchi kuni qo‘lim juda qattiq og‘ridi. Ammo bularning hammasi o‘tib ketdi”, dedi ayol in’eksiyani odatdagi gripp bilan solishtirar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tajriba vaqtida u koronavirus ustidan g‘alaba qozonishga hissa qo‘shish imkoniyatini his etgan. “Men ushbu jarayonning bir qismi bo‘lganimdan g‘ururlanaman”, deya qo‘shimcha qilgan Xaller.

Yaqin kelajakda 44 yoshli Xallerga emlashning ikkinchi dozasi berilishi kerak va mutaxassislar nazorati ostida u 2021 yil bahorigacha saqlab turiladi.

Sietl milliy allergiya va yuqumli kasalliklar instituti yangi SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi vaksinaning odamlarda klinik sinovi mart oyining o‘rtalarida boshlanganini e’lon qildi. Unda qatnashgan ko‘ngillilar yil davomida nazorat qilinishi ma’lum etildi.

Sinov uchun 45 ko‘ngilli tanlab olindi, ularning har biriga 28 kunlik interval bilan bir xil dozadagi ikkita vaksina yuboriladi. Dozalarning o‘zi har xil bo‘lib, 25, 100 va 150 mikrogramni tashkil qiladi. Tadqiqot eksperimental vaksinaning xavfsizligini va ishtirokchilarda immunitetni oshiradigan reaksiyani baholaydi, shuningdek, maqbul dozani aniqlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus

Baholaganlar

1085

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing