Prezident uyida ishlab pul topuvchilar uchun yengillik berilishi bo‘yicha topshiriq berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida mamlakat aholisi bandligi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda pandemiya davrida aholini ish bilan ta’minlash va tadbirkorlarga imtiyozlar berish masalasi ko‘rib chiqildi.

Videoselektorda davlat rahbari uyida ishlovchi yoshlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu masalada soha mutasaddilariga qator topshiriqlar berildi.

Jumladan, bugungi kunda ko‘plab yoshlar uyida o‘tirib, internet orqali dizaynerlik, tarjimonlik, dasturlash, reklama, repetitorlik kabi xizmatlar ko‘rsatmoqda. Lekin bunday mutaxassislar, ya’ni frilanserlar uchun masofadan hisob raqami ochish, pochta, to‘lovlarni qabul qilishda qator to‘siqlar mavjud. Oqibatda ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarning xarajatlari 2-3 barobar oshib ketayotgani ta’kidlandi.

Shu bois mutasaddilarga bunday faoliyat turlari uchun imtiyoz va preferensiyalar berish, yoshlarni internetdan foydalanib, aqliy mehnat orqali daromad topishga o‘rgatish, sohani rivojlantirish uchun xorijda ommabop bo‘lgan to‘lov tizimlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Prezident videoselektor davomida o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga guvohnomalar berish o‘z samarasini bermayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu odamlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qonuniy faoliyat yuritishi uchun qulay va sodda huquqiy tizim yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Ma’lum qilinishicha, bunday kishilarga 85 ta faoliyat turi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilgan. Yig‘ilishda bu ro‘yxatni kengaytirish, qonunchilikda taqiqlanmagan barcha tadbirkorlik turlariga ruxsat berish kerakligi aytildi. Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan odamlar faqat xabardor qilish orqali ro‘yxatdan o‘tib ishlaydigan mexanizm joriy etilishi ma’lum qilindi.

 

Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

191

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing