O‘zbekistonda seysmik xavfsizlik kuchaytiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2024 yil 1 iyundan MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot ob’ektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu kecha, 17 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarorida belgilab qo‘yildi.

Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 iyuldan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan ob’ektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy etib belgilanadi.

Shuningdek, 2024 yil 1 iyulgacha respublikaning barcha tuman va shaharlari hududlari kesimida mintaqaviy akselerogrammalar raqamlashtiriladi hamda ularning onlayn bazalari shakllantiriladi.

2024 yil 1 avgustdan xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan ob’ektlarni hududning zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etiladi. 2024 yil 1 iyundan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan ob’ektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etiladi.

2024 yil 1 iyulgacha texnik holati qoniqarsiz deb topilgan mavjud bino va inshootlarni “kompensatsion in’eksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubi orqali qayta tiklash ishlari eksperiment tariqasida amalga oshiriladi.

2024 yil 1 maydan zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalarni har oyda joylardagi hokimliklarga kiritish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasi tashkil etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing