O‘zbekiston Superligasining 4 ta uchrashuvi yakunlandi
Sport
−
20 noyabr 2021
4846Bugun, 20 noyabr kuni O‘zbekiston Superligasi 25-turidan o‘rin olgan 4 ta o‘yin o‘tkazildi. Dastlab kunning ilk bahsi “Qo‘qon-1912” hamda OKMK o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv 2:2 hisobida jangovar durang bilan yakunlandi.
O‘yinning 15-daqiqasida Boake Olmaliq jamoasining birinchi golini urib, hisobni ochdi. 72-daqiqada Andrey Sidorov muvozanatni tenglashtirdi. 82-daqiqada esa Yo‘ldoshev yana konchilarni oldinga olib chiqdi. Ordan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas, Yosovich o‘z goli bilan Qo‘qon shahri jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Ushbu natijadan so‘ng OKMK ochkolari sonini 47 taga yetkazib olgan holda 2-o‘rinni saqlab qoldi. 33 ochkoga ega qo‘qonliklar 8-pog‘onadan joy olgan.
Turnirning markaziy uchrashuvi Jizzaxda “So‘g‘diyona” va “Nasaf” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi va unda 1:1 hisobidagi durang natija qayd etildi.
Mezbonlar safida Shohruz Norxonov hisobni ochgan bo‘lsa, 80-daqiqada Husain Norchayev muvozanatni tikladi.
Ochkolari sonini 44 taga yetkazib olgan jizzaxliklar to‘rtinchi, hisobida 45 ochko bo‘lgan “ajdarlar” esa 3-o‘rinni egallab turibdi.
Shuningdek, 25-turning yana bir bahsida “Bunyodkor” o‘z maydonida “Surxon”ni qabul qildi. Mazkur bahsda maydon egalari 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Dastlab, Avazbek O‘lmasaliyev o‘yinda hisobni ochdi. Mehmonlar safida Murod Bobojonov muvozanatni tikladi. Shundan so‘ng, O‘lmasaliyev dublni rasmiylashtirgan holda, jamoasini oldinga olib chiqdi. Bahsning 68-daqiqasida Xurshid G‘iyosov oradagi farqni ikkitaga oshirdi.
Shunday qilib, “qaldirg‘ochlar” ushbu g‘alabadan so‘ng, ochkolari sonini 42 taga yetkazib old. Ayni damda ular 5-o‘rinda bormoqda. 22 ochkosi bor “Surxon” 10-pog‘onada joylashgan.
25-turning yana bir markaziy bahsida “Lokomotiv” o‘z maydonida “Paxtakor”ni qabul qildi va yirik 3:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
“Sherlar” safidagi 3 golning barchasini “sherlar” vingeri Hojimat Erkinov raqib darvozasiga kiritdi.
Shu tariqa, Xyuistra shogirdlari ochkolari sonini 60 taga yetkazib oldi. “Temiryo‘lchilar” hisobida 36 ochko mavjud.
LiveBarchasi