O‘zbekiston Saudiya bilan 18 mlrd dollarlik loyihalar bo‘yicha shartnoma imzolaydi

Jamiyat

image

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “yashil” energetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida 18 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolanadi. Bu haqda Prezident axborot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 2 may kuni forumda ishtirok etish uchun turli davlatlardan Toshkentga kelgan nufuzli mehmonlarni qabul qilmoqda.  Jumladan, davlat rahbari  Singapur Respublikasi Parlamenti Spikeri Sia Kian Peng bilan ham uchrashgan.

Suhbat avvalida parlament rahbari mamlakatimiz yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va forum yuksak darajada tashkil etilganini e’tirof etgan. Bundan tashqari, kadrlar tayyorlash, investitsiyalar, turizm va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Oliy darajadagi kelishuvlar ustidan birgalikda samarali parlament nazoratini o‘rnatish muhimligi ta’kidlangan.

Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud boshchiligidagi delegatsiyani ham qabul qilgan.

Uchrashuv avvalida vazir O‘zbekiston yetakchisiga Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd, Bosh vazir Muhammad bin Salmon Ol Saudning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan. Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, O‘zbekistonda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

"Bu galgi forum doirasida “yashil” energetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida 18 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitimlar imzolanadi", deyiladi xabarda.

Bugunning o‘zida Prezident Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun kelgan Birlashgan Arab Amirliklari Iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Al Marriy boshchiligidagi delegatsiyani ham qabul qilgan.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.

Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar soni oshib bormoqda. Ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi loyihalar portfeli 4 milliard dollarga yetgan.

Energetika, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi, suv ta’minoti va boshqa sohalarda yirik loyihalarni tezlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent investitsiya Saudiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made