O‘zbekiston Bangladeshda diplomatik vakolatxonasini ochadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Bangladeshda diplomatik vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayevning Bangladesh Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abul Qalam Abdul Momen bilan uchrashuvida aytib o‘tildi.

Dakka shahrida o‘tgan uchrashuvda tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy va gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Savdo munosabatlarini faollashtirish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun tarif va notarif tartibga solishni o‘z ichiga olgan kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish muhimligi ta’kidlangan. Ushbu nuqtai nazardan, tegishli vazirlik va idoralarga bir qator muhim kelishuvlar bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish vazifasi yuklatilgan.

“Ta’minot zanjirlarining logistikasini takomillashtirish va kamxarajat transport yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, “O‘zbekiston – Chabahar porti – Chitagong porti” yo‘nalishi bo‘yicha ilk bor yuklarni tashib ko‘rish, shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ va “Biman Airlines” Bangladesh milliy aviatashuvchisi o‘rtasida Toshkent – Dehli - Dakka va teskari yo‘nalishda aviaqatnovni tashkil etish bo‘yicha kod-shering (reyslarni hamkorlikda ekspluatatsiya qilish) shartnomasini tuzishga kelishildi.

Kimyo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida qo‘shma korxonalar tashkil qilish hamda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha yakdil qarorga kelindi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, Dakka shahrida O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonasini ochish imkoniyati muhokama qilindi. Ramziy ma’noda ushbu tadbirni mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlash taklifi bildirildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Bangladesh

Baholaganlar

14

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made