O‘zbek xalqining koreys bolasi

Intervyu

Hozirgi kunda fotografiya ayniqsa, ko‘cha fotografiyasi yo‘nalishi ommalashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘cha fotograflarining sahifalari ko‘paygani, ular suratga tushirgan oddiy insonlarga xos hissiyotlarning hayotiy tasviri ko‘pchilikni jalb etishidan bo‘lsa kerak. Bu safargi intervyumiz qahramoni Aleksandr Yugay ham ko‘cha fotografligi bilan shug‘ullanadi.

Aleksandr Yugay – 1989 yil 8 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Millati – koreys, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi. 

Uzoq yillar oldin Yugayning buvisi, ko‘plab koreyslar bilan birga Rossiyadan O‘rta Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. Yugayning ota-onasi ham Toshkentda tug‘ilgan.

2011 yilda O‘zbekiston san’at va madaniyat institutini tamomlagan Aleksandr ayni paytda ko‘cha fotografligi bilan shug‘ullanadi. Asosiy shiori esa "Mamlakatning qalbi – odamlar!". 2022 yil oxiridan beri o‘zining Instagram sahifasida xuddi shu nomdagi loyihani yuritadi. 

U o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida o‘zbek xalqining mehnatsevarligi, mehmondo‘stligini targ‘ib qilib keladi. Qalampir.uz nashri Aleksandr Yugay faoliyati haqida ma’lumot tayyorlash uchun u bilan intervyu tayyorladi.

Dastlab u bolaligi haqida gapirar ekan qanday qilib fotograflikni boshlagani haqida so‘zlab berdi:

“Maktab vaqtimda kichkina havaskorlarga xos fotoapparatim bor edi. Men undan turli joylarni rasmga tushirishda foydalanardim. 11-sinfdan keyin esa men O‘zbekiston san’at va madaniyat institutida Kinooperator va mahorat fakultetida o‘qishni boshladim. 1, 2 va 3-kurs vaqtimda “Zenit” fotoapparatida Hotam Fayziyev, Abdurahmon Ismoilov kabilar bilan ishladim. “Toshkent – non shahri” filmini suratga olgan Hotam Fayziyev mening ustozim bo‘ladi. 1-kurs vaqtimda fotoplyonkada rasmga olgan bo‘lsam, hozirda raqamli fotoapparat ishlataman.

O‘zbek xalqi hech qachon "ayol" yoki "erkak" deb aytmaydi. Ular begonalarni "aka", "amaki", "onajon" va "otaxon" deb ataydi. Bu chiroyli mentalitet. Bu menga yoqadi. Shuning uchun men ham odamlarni “onajon”, “singlim” “kelinoyi” deb chaqiraman. O‘zbek xalqi bir-biriga qarindosh.

Shuningdek, Qalampir.uz jurnalisti Aleksandrga faoliyati haqida bir nechta savollar bilan murojaat qildi:

Sizni samimiy kutib olishadi. Sizga qo‘pollik qiladiganlar ham bo‘ladimi?

Men kontent olayotgan vaqtim kayfiyatimni yuqori ushlashga harakat qilaman, Chunki o‘zbek xalqi ancha mehnatsevar, ular juda ko‘p ishlaydi. Men hammani xursand qilishga harakat qilaman.
 
Men Ma’mura opani rasmga olganimda menga tekinga osh berdi. Bekzod akani rasmga olganimda ham meni ovqatlanishga taklif qildi. Chorsuda tanish-bilishlarim bor.

Sizni boshqalar turist deb o‘ylashadimi?

Men har yerga borganimda shunday o‘ylashadi. Men ularga O‘zbekiston fuqarosi ekanimni, yashil pasportim borligini aytaman. Mendan ular “ni xao”ni kutishadi. Qanaqa “ni xao”, “assalomu alaykum” (deyish) kerak.

Asosiy daromadingizni qayerdan topasiz?

Men asosan kontentni jon, qalb va yurak uchun olaman. Bu mening ijodim. Asosiy ishim ham bor. To‘y, reklamalar uchun fotosessiya qilaman. Beshikto‘y, sunnat to‘ylarga ham borib turaman. Chunki bu tirikchilik. "Qistir-qistir"ni sevaman.

“Kelin salom” urf-odati menga yoqadi. Ertalab kelin uyg‘onadi va ota-onasiga salom beradi. Bu juda samimiy urf-odat. Men birinchi marta bu urf-odatga duch kelganimda yig‘laganman. 

Nega aynan O‘zbekiston va o‘zbek odamlari?

“I am street photographer” janri Nyu-Yorkda, Moskvada va boshqa joylarda ham bor. O‘zbekistonda chiroyli va yaxshi odamlar juda ko‘p. Nyu-Yorkdagi ko‘cha fotograflari rasmlarida samimiylik yo‘q. O‘zbeklar esa juda samimiy va rasmbop. Men o‘zbeklarni sevaman va ularni rasmga olaman. “Yurtning qalbi – odamlar” loyihasi bu mening davlatim haqida. 

Internetda xayp uchun qilinadigan kontentlar ko‘p. Ularga nisbatan fikringiz qanday? Instagram’da ko‘tarilish uchun videolar olganmisiz?

Bunday kontentlar ko‘p. Bunday videolarning bildirishnomalarini men o‘chirib qo‘yaman. Kontent uchun odamlar kerak, ular ilhom beradi. 2022 yil noyabrda men o‘z kontentimni boshladim. Bo‘sh vaqtimda aylanib yurgan paytim yaxshi odamni ko‘rsam, kontent olaman. O‘zbekistonda 90 foiz odam – yaxshi odam. O‘zbekistonda yomon odam yo‘q.

Kulib turgan odamlarni suratga olasizmi?

Shunchaki yaxshi odamlarni suratga olaman. Men 17 yildan beri  rasmga olganim uchun psixolog bo‘lib ketganman. Yaxshi va yomonni darrov ajrataman. Hozir esa men fotomaktab ochmoqchiman. 

O‘zbekistonda yashab turib o‘zbek tilini o‘rganmaydiganlar yoki o‘rganishni xohlamaydiganlar, shuningdek, o‘zbek bo‘la turib boshqa tilda so‘zlashadiganlarga nimadir deya olasizmi?

Maslahatim – uyalmaslik kerak. O‘zbek tilida 2-3 ta so‘z o‘rgansangiz hech kim sizga “agressiv” bo‘lmaydi. O‘zbek tilini o‘rgansangiz siz uchun yaxshi. Ko‘proq til o‘rgangan bo‘lasiz, xolos. Asosiysi, o‘zbek tilida gapirish amaliyoti muhim.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing