Usmonov va Abdusamatov pishirgan osh. Ko‘zbo‘yamachilik ortidagi muammoni Ortiqxo‘jayev yechadimi yo Aripov?

Tahlil

image

“Ot kimniki, minganniki” degan naql bor. Mayli otni mining, lekin, tadbirkorni emasda. Pora olishda ayblanayotgan Yunusobod tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatovning “muravvatidan” ayni vaqtda bir emas, o‘n emas, naq 32 tadbirkor aziyat chekmoqda. Eng qizig‘i o‘z vaqtida bunga Toshkent shahrining sobiq hokimi Rahmonbek Usmonov bosh-qosh bo‘lgan. “Yaxshidan bog‘, yomondan dog‘ qoladi” deganlari shu bo‘lsa kerakda.  

Yurtimizda bugun tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni ixtiyor etganlarga barcha eshiklar ochiq, deb ko‘p eshitamiz. Haqiqatan ham shundaymi? To‘siqlar yo‘qmi? Bekor gap. To‘siqlar bisyor bo‘lmasa edi, “UMID SIFATLI BIZNES” MCHJ rahbari, tadbirkor Mamlakat Azimovadan tahririyatimizga murojaat kelib tushmagan, biz ushbu maqolaga qo‘l urmagan bo‘lar edik. 

Yunusobod tumanining sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatovning siz bilgan, eshitgan “karomatlari” holva ekan. Buni murojaatni o‘rganish uchun Toshkent shahar, Yunusobod tumani, "Qadrdon" mahallasiga borganimizda bildik. 

Bilasiz, Prezident va Hukumat rahbarining joylarda olib borilayotgan islohotlarni ko‘zdan kechirish maqsadidagi tashriflariga hududlarda alohida tayyogarlik ko‘riladi. Yangi ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari shay holga keltirib, tanishtiriladi. Yunusobodda ham shunday bo‘lgan. Abdusamatov Yunusobod tumani hokimi, Usmonov esa Toshkent shahar hokimi bo‘lib ishlab yurgan davrlarda Yunusobod tumani “Qadrdon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi tashlandiq qolgan yer maydonida "Zamonaviy mahalla" barpo qilish yuzasidan tadbirkor Mamlakat Azimovaga yer ajratiladi. Faqat tadbirkor eski qolgan mahalla binosini yangidan ta’mirlab berishi, yerni oqlashi kerak edi. Ushbu tashabbusini mahalla raisi Komil Rahmonov ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Yunusobodning sobiq hokimi Abdusamatov 2017 yil 16 may kuni № 769-sonli “Zamonaviy mahalla” loyihasi asosida mahalla markazi, savdo va maishiy shahobchalarni tashkil etish uchun yer maydoni ajratish hamda qurilish ishlariga ruxsat berish haqida” qaror ham chiqarib beradi. 

“UMID SIFATLI BIZNES” MCHJ va “Qadrdon” mahalla fuqarolar yig‘ini o‘rtasidagi investitsiya shartnomasiga ko‘ra, Yunusobod tuman, 17-mavze, 16 va 17-uylar oralig‘ida joylashgan 10 sotix yer maydoni ajratilib, hududda loyihaga asosan mahalla guzari, go‘zallik saloni, dorixona, novvoyxona kabi maishiy shahobchalar, bolalar maydonchasi qurish ishlari boshlab yuboriladi. Yemoqning qusmog‘i bor deganlaridek, tadbirkor o‘ziga ajratilgan 10 sotix yer hisobiga mahalla idorasi binosini yangidan ta’mirlatib beradi. Tadbirkorning qayd etishicha, ta’mirlash ishlariga 25 ming AQSH  dollaridan ko‘p pul sarflangan. Bu orada 10 sotix maydondagi qurilish ishlari ham jadallik bilan olib borilgan. Oradan ikki yil o‘tdi hamki, hujjatlardan darak yo‘q. Aksincha, masala boshqacha tus oldi. 

Kalavaning uchi

Biz “Qadrdon” mahallasi hududidagi 16 va 17-uylar oralig‘ida joylashgan maydonni ko‘zdan kechirdik. Tadbirkorning kuyinib gapirganicha bor ekan. Hududda  zamonaviy go‘zallik saloni, dorixona, novvoyxona kabi maishiy shahobchalar, bolalar maydonchasi, aholi dam olishi va hordiq chiqarishi uchun yashil hudud, musiqali favvora tadbirkorning mablag‘lari hisobidan barpo etilgan. 

– Bu yerda qurilish ishlari davom etayotganda o‘sha vaqtda Toshkent shahar hokimi bo‘lgan Rahmonbek Usmonov ham bir necha bor hududga kelib, qop-qop va’dalar bergan edi, – deydi tadbirkor. – Bu yerning kadastr hujjatlarini olsak yaxshi bo‘lardi, ancha-muncha mablag‘ tikib qo‘ydik deganimda, bu ishlarni tepasida o‘zim turibman hech kim sizga g‘ing demaydi, hamma hujjatlaringizni olasiz degandi. Men esa shu gaplarga ishonib qolaverdim. 

Tadbirkorning aytishiga qaraganda, qurilish ishlari yakunlanish arafasida Bosh vazir Abdulla Aripov ham ushbu mahalla guzariga tashrif buyurib, bu maskan respublikadagi eng zamonaviy mahalla guzari bo‘layotganini ta’kidlab, Mamlakat Azimovaning ishlarini maqtagan ekan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Usmonovga ham, Abdusamatovga ham Bosh vazirning maqtovi kerak bo‘lgan. Undan keyin nima bo‘lsa bo‘lar qabilida ish tutilgan. 

– Maqtov va va’dalarga uchib borimni mana shu qurilishga tikdim. Yigirmaga yaqin quruvchilar bu yerda bir yilga yaqin ishlashdi. Ularning yotish-turishi, ovqatlanishi uchun sharoit yaratib berdim. Har oy maoshlarini vaqtida berib turdim, – deydi Mamlakat opa. – O‘zingiz bilasiz, ko‘chadan mardikor olib kelsangiz ham bir kuniga 70-80 ming to‘lashingiz kerak. 

Prezidentimizning ko‘plab murojaatida tadbirkorlikni rivojlantiraylik, aholimizning daromadlari oshsin degan gaplari har bir yurtdoshimizga ishonch bag‘ishladi. Tashabbuslar paydo bo‘ldi, taraqqiyot sari qadam tashlandi. Lekin, ayrim mutasaddilar uchun Prezidentning xalqimizga bergan va’dalari chikoradek. 

Tug‘ildiyu o‘ldi. Ha, bugun ko‘plab tadbirkorlarning tashabbuslari tug‘iliboq o‘lmoqda. Millionlab mablag‘ tikkan ishingga, qilgan tashabbusingga tupuradigan rahbarlar afsuski, topilyapti. 

Shu o‘rinda Mamlakat Azimovaga ishi bilan bog‘liq bir faktga e’tiboringizni qaratamiz: Yunusobod tumani hokimining 2017 yil 16 iyundagi № 769-sonli qarori 4-bandida qurilish ishlari yakunlangandan so‘ng faoliyat turini o‘zgartirmaslik sharti bilan tadbirkorlik sub’ektiga mulk huquqi berilishi lozim edi. 

Hokim esa bergan va’dalarini unutib, tadbirkor qurilish ishlarini olib borayotgan bir paytda, oradan 11 oy o‘tib, 2018 yil 2 may kuni, ya’ni qurilishga ruxsat berish haqidagi qaroridan bir yil vaqt o‘tib, № 842 sonli qarori bilan "Zamonaviy mahalla" loyihasi asosida mahalla markazlari qurish uchun yer ajratish hamda rekonstruksiya qilishga ruxsat berish haqidagi qarorini bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqaradi. 

Mard (Yunusobod hokimi) so‘zidan, arslon (Toshkent shahar hokimi) izidan qaytsa... Dahshatmi, fojiami? Bu tadbirkorga ayon, xolos, afsuski. Mutasaddiga farqi yo‘q – “baraban”. 

Tadbirkorning aytishicha, hokimning bu qaroridan iyulda, ishlar yakunlanay deb qolganda xabar topgan.

“Bu haqda bilganimda karaxt bo‘lib qoldim. Dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib ketdi. Ne-ne umidlar bilan boshlagan ishim bir kunda yer bilan yakson etilganini og‘riq bilan his qildim” – dedi Mamlakat opa.

Onangni qozi xafa qilsa, dodingni kimga aytasan?

Tadbirkor ham bo‘lib o‘tganlarga ishonmasdan bir necha bor Yunusobod tuman hokimligiga murojaat qildik. Qo‘ng‘iroqlarga 1 yarim oy davomida javob bermay kelgan hokimlikdagilardan har safar bir bahonani eshitdik. Hokim yig‘ilishga ketgan, selektorda, uchrashuvda, investorlar bilan va hokazo... Usmonovga shahar ishlari og‘irlik qilib, tumanga o‘tkazildi, ammo u shunda ham OAV bilan ishlashga vaqt topa olayotgani yo‘q. 

Mana, oradan deyarli ikki yil vaqt o‘tyapti. Bir paytlar tadbirkorlarga berilgan qoplab va’dalar unutildi. Ikki o‘rtada Abdusamatov hibslandi. Ha, darvoqe, sobiq shahar hokimi Usmonov ham og‘zaki bergan va’dalarini eslay olmasligi tabiiy. Boisi, o‘sha vaqtdagi sa’y-harakatlarning ko‘pi Bosh vazir hududga kelib-ketguncha uyushtirilgan spektakl bo‘lgan, xolos.  Bu esa va’dalar berilur, qilinmas qabilida ish tutishning eng oliy namunasi. Tadbirkorning ohini hamma eshitdi, ammo hokimbuva...

– Avvallari bu yer tashlandiq holatda bo‘lgan. Qarovsiz qolganidan ko‘pchilik axlat tashlar, antisanitar holatda edi. Rahmat, tadbirkorga. Bu yer obod bo‘lganidan juda xursandmiz. Kunlar isidi deguncha oilamiz bilan har kech shu yerga dam olgani chiqamiz, – deydi “Qadrdon” mahallasi 11-uyda istiqomat qilayotgan Abduqodir Roziqov biz bilan suhbatda. 

Biz surishtiruvimizni davom ettirib, “Qadrdon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Komil Rahmonovning qabuliga kirdik. 

Ma’lum bo‘lishicha, mahalla guzari hududidagi 14 va 15-uylar oralig‘ida joylashgan tashlandiq bino "UMID SIFATLI BIZNES" MCHJ tomonidan ta’mirlanib, foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lgan. Biroq, mahalla raisi bu bino emas, aynan “Qadrdon” mahallasining eski binosini ta’mirlab berish talabini qo‘ygan. Tadbirkor 20 nafarga yaqin ishchisi bilan eski mahalla guzarini ta’mirlashga kirishib ketgan. 

Mahalla raisi Komil Rahmonovning iddao qilishicha, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi komissiyasi kelib, ta’mirdan chiqarilgan mahalla guzarini o‘rganib ketgan. Unga ko‘ra, go‘yoki ta’mirlash nihoyasiga yetmagan va kamchiliklar juda ko‘p. Aslida bizga unday tuyulmadi, aksincha hamasi ko‘ngildagidek. Tadbirkorning qilgani ham shuncha bo‘lar-da, endi. Biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, suratga oldik va sizga quyida havola etamiz. 

Komil Rahmonovning yana bir iddaosi to‘g‘risi bizni hayron qoldirdi. Emishki, 14 va 15-uylar oralig‘idagi bitmay qolgan binoni tugallash lozim ekan. Bundan tashqari, ayni paytda “Qadrdon” mahalla guzari joylashgan binoning fasadi, kirish qismi va bir nechta xonasi tadbirkor tomonidan ta’mirlangan, yangi eshik-romlar qo‘yilib, pol qilib berilgan bo‘lsa-da, rais ta’mirlash chala ekanligidan shikoyat qildi. Emishki, yuqoridan kelgan komissiya 20 tacha kamchilikni yozib ketganmish, barakalla. 

O‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, ta’mirlash va pardozlash ishlari maromida. Balki, mahalla raisi “yevroremont” xonalarda ishlab o‘rgangan bo‘lsa, tadbirkorning ishidan qoniqmayotgandir, bunisi bizga qorong‘u. Tuman markazlaridan uzoqda bo‘lgan mahallalarni shu rais bir borib ko‘rsa edi, boriga shukr qilarmidi. 

Mahalla raisi Komil Rahmonovning aytishicha, Yunusobod tumani hokimining "Zamonaviy mahalla" loyihasi asosida mahalla markazlari qurish uchun yer ajratish hamda rekonstruksiya qilishga ruxsat berish haqidagi qarorini bekor qilish to‘g‘risida qaroridan umuman xabari bo‘lmagan. 


  
Tadbirkor mahalla raisining barcha aytganlarini qilishga rozi, bundan bo‘yin tovlagani ham yo‘q. Aksincha, labbay deb turibdi. Muammo, tadbirkorda emas, aksincha, mutasaddilarning to‘siqlarida. 

Kalavaning uchi yana bizni Yunusobod tuman hokimligiga boshlab bordi. Biz borgan vaqtda tuman hokimining xizmat mashinasi hokimlik darvozasi oldida turgan edi. Eshik og‘asiga o‘zimizni tanishtirib, ichkari kirishga ruxsat so‘radik. U tuman hokimining yordamchisiga bizning kelganimizni aytib go‘shakni tutqazdi. Biz muddaomizni tushuntirdik. Bir pas kutib turishimizni aytishdi. Kutsak-kutibmizda, “hokimbuva”ning ishlari ham ko‘p bo‘lsa, vaqti bo‘lmayotgandirda deb. 

Oradan bir necha daqiqa o‘tib, Rahmonbek Usmonov Captiva’siga o‘tirib, “quyonning rasmi”ni chizib, ketvordi. Hokim yordamchisi shu payt bizni odiga chaqirdi. Chiqib borganimizda hokim yig‘ilishga ketganini iddao qilgan mas’ul xodim, bizni hokim o‘rinbosari qabul qilishini aytdi. Bilsak, janob o‘rinbosar ham “majlis”cha o‘tkazayotgan ekan. Shuncha kutganimiz befoyda ketdi. 

“Eski hammom, eski tos”. Ha shunday. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev majlisbozlikdan amaliy ishlarga o‘tish kerakligi haqida bot-bot gapirsa-da, Yunusoboddagilarga bu ta’sir qilmagandek. O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deb shunga aytsa kerak-da. 

Yunusobod tuman hokimligiga aytar so‘zimiz: muammoga yechim undan qochib emas, ro‘baro‘ kelgandagina topiladi. 

Tadbirkor shu mahalla farovonligi uchun mablag‘ini ayamadi, tashlandiq hududni obod maskanga aylantirdi. Mahallaning o‘nlab yoshlari ishli bo‘ldi.

Obod maskan esa buzilish arafasida turibdi. Xo‘p, tadbirkor obod etgan hudud buzildi ham deylik. Hudud eski, tashlandiq, axlatxonaga aylansa, yoshlar ishidan, oilalar daromadidan, farzandlar rizqidan ayrilsa kimga foyda? Bunda kim yutadi, hokimmi, mahalla raisimi? Qani quravering, qo‘rmang, biz bormiz deb turganlar? Mahalla raisi esa ishlab turgan shahobchaning buzilishini qo‘llab-quvvatlayotgandek. Nahotki, bir tadbirkorning faoliyatini hal etish mahalla raisiga qolgan bo‘lsa...
 
Tadbirkorning murojaatiga yechim topilishiga ishonchimiz komil. Balki yozganlarimiz kimgadir yoqmas, lekin eshitadiganlar topiladi. Tadbirkorga yengillik yaratmang, qonunlar qabul qilmang, qarorlar chiqarmang, imtiyozli kreditingiz ham kerak emas, shunchaki o‘ziga qo‘yib bering.  

Sobiq hokim Abdusamatovdan jabr ko‘rgan faqatgina Mamlakat Azimova emas. Bu ishga bel bog‘lagan 32 nafar tadbirkorning taqdiri ham mavhumligicha qolib ketmoqda. Mas’uliyatsiz amaldorlar “pishirgan osh” dan nega endi tadbirkorlar aziyat chekishi kerak ekan? Voqealar rivojini kuzatamiz, masalani kim yechadi, Toshkentning hozirgi hokimi Ortiqxo‘jayevmi yo bir vaqtlar hududga borib, tadbirkorning ishini maqtab qaytgan Bosh vazir Aripov?

Mavzuga yana qaytamiz!


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

482

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing