82 yoshli onaxon koronavirusni qanday yengganini aytib berdi

Intervyu

image

Olma-otada istiqomat qiladigan 82 yoshli Nurbagi Kapasova COVID-19 dan davolanib, oilasi bag‘riga qaytdi. 

Fevral oyida onaxon qarindoshlarnikida o‘tadigan to‘yda qatnashish uchun Nur-Sultonga shahriga kelgan. To‘y mart oyida bo‘lishi kerak edi. Biroq, qarindoshlardan birida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Favqulodda vaziyat tufayli to‘y bekor qilindi, 22 mart kuni esa onaxon karantinga olindi. 

Shifoxonada onaxonning koronavirus testi ijobiy natija ko‘rsatdi. Boshida kasallikning hech qanday alomatlari sezilmagan. Keyinchalik pnevmoniya va yuqori isitma paydo bo‘ldi. “Sputnik” nashri kasallikni yengib o‘tgan 82 yashar onaxon bilan suhbatlashdi. 

“Hammasi bo‘lib shifoxona 20 kun yotdim. Juda og‘ir kunlar bo‘ldi. Shu payt men bu yerdan umuman chiqmayman, farzandlarim, nevaralarimni ko‘rmayman deb o‘ylagandim. Axir yoshim 82 da. Shifokorlar davolashdi, qo‘lidan kelgan barcha ishni bajarishdi. Allohga shukur, hammasi ortda qoldi”, deydi onaxon.

Virusga qarshi kuchli preparatlar tufayli unda oshqozon-ichak trakti buzilishi, podagra yomonlashdi, hanuz uning ta’siri sezilmoqda.

“Koronavirus tufayli surunkali kasalliklar bezovta qilishni boshladi – oyoq va bo‘g‘inlarim zirqirab-zirqirab og‘riydi. Uyga qaytdim, yura olmayapman, biroq bolalarim oldiga qaytganim uchun xursandman”, deydi u.

COVID-19ga chalinishdan avval ayol surunkali nafas yo‘llarining yallig‘lanishi va gipertoniya bilan og‘rigan.

“Ayni damda shifokorlar tufayli sog‘lig‘im nisbatan yaxshi, menga qaragan shifokor va hamshiralardan juda minnatdorman. Ayniqsa, Sobir ismli shifokorni alohida aytishim mumkin”, deydi onaxon.

Nurbagi Kapasovaning ta’kidlashicha, kasallik qanchalik og‘ir bo‘lmasin, eng muhimi sabr-toqat qilish, "ishonish va chidash" kerak, shunda kasallikni yengish mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, ayni vaqtda Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar 979 kishini tashkil etmoqda. Bemorlarning 12 nafari vafot etgan, 138 kishi sog‘aygan. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Nurbagi Kapasova Koronavirus Qozog'istonda

Baholaganlar

432

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing