Tuhmat va haqorat uchun sanksiyalar liberallashmoqda. Qonun loyihasi muhokamaga chiqdi

Jamiyat

image

Bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksidan tuhmat va haqorat uchun ozodlikdan mahrum etish jazosini chiqarib tashlash ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komiljon Allamjonov mazkur loyiha agentlik tashabbusi bilan ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Amaldagi Jinoyat kodeksining 139-moddasiga ko‘ra, nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar yangi tahrirdagi loyiha qabul qilinsa,  ushbu moddaning ikkinchi qismi quyidagicha tahrirlanadi:

“Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda, ommaviy axborot vositalari yoxud Internet tarmog‘i axborot resurslari orqali tuhmat qilish bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”. 

Ya’ni, bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari olib tashlanadi.

Shuningdek, mazkur moddaning uchinchi qismidagi bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari jazosiga almashtirilmoqda.

Ushbu tartib kodeksning 140-moddasi (haqorat) uchun ham joriy etilmoqda. Endilikda nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda, ommaviy axborot vositalari yoxud internet tarmog‘i axborot resurslari orqali haqorat qilish bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Shu bilan birga, shunday harakatlar xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Yangi tahrirda ushbu moddadagi bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolalari ham olib tashlanmoqda.

Qonun loyihasi muhokamasi 30 yanvarga qadar davom etadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Komiljon Allamjonov Tuhmat va haqorat

Baholaganlar

14

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made