O‘zbekistonda abituriyentlarni qabul qilish qoidalarini mustaqil belgilaydigan universitet ochiladi

Jamiyat

image

TEAM universitetiga abituriyentlarni qabul qilish tartibi va qoidalari universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishgan holda belgilanadi. Bu haqda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “TEAM universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasida keltirib o‘tilgan.

Hujjatda belgilanishicha, universitet mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi, mustaqil balansiga ega, ixtiyorida bo‘lgan pul mablag‘lari va mol-mulki bilan o‘z majburiyatlariga javob beradi.

Universitetda o‘quv-metodik rahbarlik va ta’lim jarayonining olib borilishi tuziladigan bitimlar asosida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari (keyingi o‘rinlarda – xorijiy hamkorlar) bilan hamkorlikda ham ta’minlanadi.

Universitetda ta’lim jarayoni Universitet tomonidan tasdiqlanadigan va xorijiy hamkorlarning o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq ingliz, o‘zbek va boshqa tillarda tashkil etiladi.

Universitetning ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan davlat va/yoki xorijiy hamkor namunasidagi diplom beriladi.

Davlat namunasidagi diplom berilgan taqdirda, Universitetda ta’lim jarayoni O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim davlat ta’lim standartlari hisobga olingan holda, xorijiy hamkorlarning o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.

Universitetga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishgan holda belgilanadi.


Maqola muallifi

Teglar

universitet

Baholaganlar

23

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing