23 kunlik chaqaloq odam savdosi qurboni bo‘ldi

Jamiyat

image

Samarqandlik 22 yoshli ayol o‘zining 23 kunlik chaqalog‘ini Navoiy viloyatiga olib borib, sotayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda. 

Voqea joriy yilning 3 iyun kuni taxminan soat 15:30 larda  Navoiy viloyatida sodir bo‘lgan. Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi fuqaro 22 yoshli N.Yo. o‘zining joriy yilning 11 may kuni tug‘ilgan 23 kunlik farzandini qonunga xilof ravishda Navoiy shahrida yashovchi fuqaro N.I.ga 3 000 000 so‘mga sotishga kelishib, chakalog‘ini sotib, ushbu kelishilgan pullarni Navoiy shahridagi “Navoiy” jo‘me masjidi yonida olgan vaqtida, o‘tgazilgan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Navoiy shahri bo‘yicha IIO FMB 3-sonli IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan N.Yo.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Odam savdosi

Baholaganlar

185

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing