Kutilayotgan sensatsiyalar oqshomi yohud “yerlik”lar “o‘zga sayyoralik”ka qarshi o‘ynaydi 

Sport

image

Bu oqshom UEFA Chempionlar ligasi yarim final bahsining ilk o‘yini “Tottenhem” va “AYAKS” o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. 1 may oqshomida esa “Liverpul” “Kamp Nou”da mehmonda o‘ynaydi.

“Tiki-taka”dan  ustun Tottenhem  


 “Shpor”larning yangi maydonida o‘tadigan bahs tengsiz kurash va kutilmagan voqealarga boy bo‘lishi muxlislar tomonidan ko‘p bor ta’kidlanyapti. Bunda asos bordek. “AYAKS”ni o‘z maydonida qabul qiladigan Pochettino shogirdlarining mahoratiga “Shaharliklar” bilan bo‘lgan o‘yinlarda guvoh bo‘ldik. O‘z maydonida minimal hisobda g‘alaba qozona olgan “Tottenhem” “Etihad stadium”da ham eng yorqin o‘yinini ko‘rsata oldi. Keynning yo‘qligini bildirmagan Son Xin Minning dubli va Fernando Lorentening goli “Manchester Siti” futbolchilariga dahshatli kechani “tuhfa” etdi. Gvardiola esa boshini changallagancha bu mavsum ham musobaqani kuboksiz tark etishga majbur bo‘ldi.


                                                      “Grand”larni yanchib tashlagan “AYAKS” 


Bu jamoani favorit deb bilmaganlar turnirni televizior qarshisida o‘tiribgina tomosha qilishlari mumkin xolos. 1/8 finalning ilk o‘yinida o‘z uyida “Real Madrid”ga 1-2 hisobida yutqazgach, barcha “Qaymoqranglilar”ning keyingi bosqichga chiqishiga yuz foiz ishonishgandi. Ammo, “Santyago Bernabeu”ga tashrif buyurgan “uchar gollandlar” bekorga kelmaganini barchaga isbotlab qo‘ydi.  3 mavsumdan buyon Yevropada tengsiz bo‘lib kelayotgan Madrid jamoasi o‘z uyidagi o‘yinda “AYAKS”ga sharmandalarcha mag‘lub bo‘ldi. 


Chorak final o‘yinlari ham “AYAKS” uchun omadli keldi. Klub “Amsterdam Arena”da Italiyaning shonli tarixga ega klubi – “Yuventus” bilan 1:1 hisobida ishonchli durangga erishdi. “Yuve”ning muxlislari esa “Atletiko” bilan bo‘lgan “kambek” haqida o‘ylay boshlashdi. Chempion bo‘lishga intilish yo‘lida Ronaldoni o‘z safiga qo‘shib olgan turinliklar hali oldida nimalar kutayotganini bilmas edi. “Uchar gollandlar” Turindagi o‘yinda ham “Yuventus”ga har bir chiziqda qanday o‘ynash kerakligi haqida master-klass o‘tab berdi. Dunyoda eng kuchli deya e’tirof etiladigan “Yuve”ning markaziy yarim himoyasini “AYAKS”chilar har tarafga sochib tashlashdi. 


Hujumkor, tartibli va chiroyli o‘yin ko‘rsatadigan ikki jamoa “Tottenhem” va “AYAKS” muxlislari uchun bu oqshom futboldan lazzat olishiga imkon yaratib bera olishiga ishonamiz.
“Titanlar jangi” yohud finaldan oldingi final


Ertaga, 1 may oqshomida Ernesto Valverde shogirdlari “Kamp Nou”da “Liverpul” bilan o‘ynaydi. Bilamiz, “Barselona” jamoasi har qanday turnirda ishtirok etmasin doim favorit sanalib kelingan. Ammo yarim final bahslarida ishtirok etuvchi bu jamoalarning kuchlari teng ekanligi mutaxassislar tomonidan e’tirof etilmoqda. Ispaniyada muddatidan avval chempionlik titulini qo‘lga kiritgan kataloniyaliklarning bor e’tibori ushbu o‘yinlarga qaratilgan. 


Messi, Suares kabi superyulduzlardan tarkib topgan klub 3 mavsumdan buyon musobaqa finaliga chiqa olmayapti. 2015-2016 yilgi mavsumda “Atletiko”, 2016-2017 yilgi turnirda “Yuventus” va o‘tgan mavsumda “Roma” to‘sig‘idan o‘tolmagan kataloniyaliklar bu o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishayotgani aniq. Ushbu mavsum Ispaniyada fantastik o‘yin ko‘rsatayotgan Messi, UEFA Chempionlar ligasida ham to‘purar bo‘lib turibdi. U raqiblar darvozasini 10 marotaba ishg‘ol qilganini hisobga olsak, Alisson  Bekerga bu oqshom oson bo‘lmasligi aniq. 


“Liverpul” – mo‘’jizalarni yaxshi ko‘radigan Yurgen Klopp jamoasi “Kamp Nou”da ham o‘z so‘zini ayta olishga qodir. Saloh, Mane va Firmino uchligi hozirda jahonda tengsiz bo‘lib turibdi. Angliya chempionatida “Yilning eng yaxshi o‘yinchisi” bo‘lishga ulgurgan Virjil Van Deykning himoyadagi fantastik o‘yini, yarim himoya va qanotdagi futbolchilarning o‘ta ishonchli o‘ynashi “Barsa”chilarga bosh og‘rig‘i bo‘lishi tabiiy. “Manchester Siti”ning Angliyada peshqadamligini hisobga olsak, Klopp shogirdlari javob o‘yini oldidan kerakli natija uchun o‘ynaydi. 2017-2018 yilgi mavsum finalidagi alamli almashtirish esa Salohning yodidan chiqib ulgurmagan. Klopp grandlarga qarshi qanday o‘yin ko‘rsatishni biladi. Uning o‘rtamiyona “Borussiya Dortmund” bilan “Bavariya” o‘zining eng kuchli mavsumlarini o‘tkazayotgan davrda Germaniya chempionligini qo‘lga kiritganligi esa uning qanday ishlarga qodirligidan darak.
Aytish mumkinki har ikki jamoa tarkibi yuqori pressing orqali to‘pga egalik qilish, aniq paslar va taktik hujumlarda barqaror o‘yin ko‘rsatish uchun salohiyatga ega. Hozircha Messini to‘xtatishni uncha-muncha himoyachilar eplay olishmayapti. “Liverpul” esa tezkor hujum va qanotdan bo‘ladigan bosimlarda “Barsa” futbolchilariga bosim o‘tkazishga, golga intilishadi. 


Telegramdagi kanalimizda “UEFA Chempionlar ligasi finaliga qaysi jamoalar chiqadi?” degan so‘rovnoma o‘tkazgan edik. Futbol muxlislari kutganimizdek “Barselona”ga (351 ta) ko‘proq ovoz berishgan, “Liverpul” (327 ta)  esa keyingi o‘rinda, “AYAKS” (125) kutilmaganda “Tottenhem”dan (74 ta) ko‘proq ovoz to‘plagan.     


Har bir klubning muxlislari o‘z jamoasini finalda ko‘rishni xohlaydi. Ammo Yevropa futbolida hamma narsa yuz berishi mumkin. Muhimi ushbu o‘yinlar futbol ishqibozlariga yuqori haroratli kayfiyatni baxsh eta oladi.


Akbar Jiyanov, jurnalist


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing