Murod Muhammad-Do‘st: “Mavzu mag‘zavaga aylansa, mohiyat ko‘pik tagida yo‘qolishi muqarrar”

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy maqom berish to‘g‘risidagi murojaatnoma jamoatchilik orasida muhokama qilinayotgan eng dolzarb masala bo‘lib turibdi. Mazkur masala yuzasidan vazir, shoir, adabiyotshunoslar o‘z munosabatini bildiryapti. Tilning davlat uchun ahamiyatini o‘zbekistonliklarga yetkazishga harakat qilyapti.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Ommaviy axborot vositalari, ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat, san’at va ijodiy tashkilotlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha sobiq davlat maslahatchisi, yozuvchi, publitsist Murod Muhammad-Do‘st o‘zbek tilining hozirgi ahvoli hamda rus tiliga rasmiy maqom berilishi to‘g‘risidagi murojaatnoma haqida o‘z fikr-mulohazalarini ma’lum qildi.

“Rus tiliga yuksak maqom so‘ragan yurtdoshlarimiz o‘zlari bilmagan va mutlaqo istamagan holda xayrli bir ish qildilarki, millat kelajagini o‘ylagan odamlar o‘zaro birlashib, baralla sas berdilar va bu sas jamiyatning barcha qatlamlariga borib yetdi.

Irsiyan faol bo‘la turib, ikki kun tugal tepadan “vahiy” kutib azob chekkan so‘zamol “suvoriy”larimiz ham nihoyat gurziyu garonini ko‘tarib maydonga chiqdi. Endi ko‘rasizki, gazetu internetda, radiyolu televizorda milliy til himoyasiga bel bog‘lagan shovvozlarning kimo‘zar o‘yini boshlanadi. G‘ayrat otiga qamchi bosayotgan poygachilarga qarab turib, nima qilishingni ham bilmaysan: kulib yig‘lash kerakmi yoinki – yig‘lab kulish?..

Mashhur xatga imzo chekkan yoki og‘zaki rag‘bat ko‘rsatgan kishilarni tavbasiga tayantirish, el aro sazoyi qilish shart emas. Biz ularning kimligini yaxshi bilamiz, armonlarini ham tushunamiz. Ulardan boshpurtlarini tortib olib, o‘zlarini yurtdan badarg‘a qilishni talab qilayotgan g‘azabnok vatandoshlarimizni ham yaxshi tushunamiz, tushunish asnosida azbaroyi o‘tinib so‘raymizki, bosiqroq va kengroq bo‘laylik, birodarlar, imzokashlarga pishang bergan kuchlar bizdan ayni shu javobni kutib, “Dod! Rusiyzabonlar huquqlari toptalmoqda!”, deya ayyuhannos solishga shay turgan bo‘lishi ham mumkin”, deydi Murod Muhammad-Do‘st.

Yozuvchi bu bilan bunday tashviqotlar ikki davlat, ikki xalq o‘rtasida izchil rivojlanib kelayotgan munosabatlarga soya solish maqsadida qasddan uyushtirilishiga ishora qilayotgan ko‘rinadi.

O‘zbek va rus xalqi doim do‘stona, yaxshi va izchil aloqada bo‘lib kelyapti. Tabiiyki, bu hol ko‘plab tashqi va ichki kuchlarga yoqmasligi mumkin. Ular o‘z e’tirozlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytishga botinolmay, xalq orasiga hozirgidek tashviqot “urug‘i”ni sepib, o‘z maqsadiga erishish payiga tushadi.

Tashviqotlar atrofidagi muhokamalar bir, ikki, uch kun, borinki, bir oy davom etar, keyin esa unutiladi. Lekin xalqaro munosabatlarda bu kabi kichik voqealar ham katta oqibatlarga olib kelishi mumkin.

“Umuman, til masalasini uloq qilib chopishga hojat yo‘q. Mavzu mag‘zavaga aylansa, mohiyat ko‘pik tagida yo‘qolishi muqarrar.

Milliy tilimizning ayanchli ahvolini xalq ham, xukumat ham juda yaxshi biladi. Odamlar turli minbarlardan yangragan va bugun internet va turli tok-shoularda yanada balandroq avjlarda yangrayotgan ash’orbozlikka, da’vatu shiorlarga to‘yib bo‘ldi, ortiq ishonmaydi.

“Quruq qoshiq og‘iz yirtadi”, degan hikmat bor.

Senat g‘aladonida dimiqib yotgan jo‘yali takliflarning changini qoqib, zudlik bilan yangi islohdagi lotin alifbosiga o‘tish va uni barcha jabhalarda joriy etish fursati yetdi.

O‘ttiz yildirki kuchga kirmagan til haqidagi pajmurda qonunni qayta tiriltirib, yangi, kengaytirilgan tahrirda parlament tasdig‘idan o‘tkazish va uning barcha jabhalarda so‘zsiz amal qilishini ta’minlash fursati yetdi.

Mamlakat rahbariyatida shunga yarasha siyosiy iroda topiladi, deb ishongimiz keladi”, deydi yozuvchi Murod Muhammad-Do‘st.

Ha, Murod Muhammad-Do‘stning yozganlari achchiq bo‘lsa-da haqiqat. 30 yildan beri mutlaq ravishda davlat tiliga aylana olmayotgan o‘zbek tilini yagona davlat tili sifatida shakllantirish kerak. Shundagina, jamiyat orasida hozirgidek munozaraga sabab bo‘luvchi tashviqotlarning kelajakda takrorlanishining oldi olinadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

rus tili rasmiy til Murod Muhammad-Do'st

Baholaganlar

47

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made