Musobaqa vaqtida janjallashgan hakam va trenerlar bir necha yilga sportdan chetlatildi

Sport

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Universal” sport saroyida bo‘lib o‘tayotgan karate bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi musobaqasida hakam va trenerlar o‘rtasida janjal chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Unga qayd etilishicha, joriy yilning 16 oktyabr kuni soat taxminan 17:00larda “Universal” sport saroyida bo‘lib o‘tayotgan karate bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi musobaqasida nizoli holat kelib chiqqan. Unda musobaqa hakami Bo‘riyev Azizbek Eshboyevich, Toshkent viloyati “Chempion” karate sport klubi treneri Yusupov Dilshod Ma’rupovich hamda Surxondaryo viloyati karate milliy federatsiyasi treneri Ismatullayev Abdulaziz Inoyatullayevichlar o‘rtasida musobaqa yakuniy natijasi yuzasidan o‘zaro tortishuv kelib chiqqan. Mazkur kelishmovchilik oqibatida biron bir shaxs tan jarohati olmagan. Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi rayosati yuqoridagi sport mutaxassislariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinladi.

Tekshiruv yakuni yuzasidan O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi hakami Bo‘riyev A.E.ni ikki yilga hakamlik ish faoliyatidan chetlashtirish, Surxondaryo viloyat karate milliy federatsiyasi treneri Ismatullayev A.I.ni uch yilga va Toshkent viloyati “Chempion” karate sport klubi treneri Yusupov D.M.ni ikki yilga trenerlik faoliyatidan chetlashtirish haqida qaror qabul qilindi. Musobaqa bosh hakami Qoraboyev Qosimjon Hoshimovichga esa hayfsan e’lon qilindi.

O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur holat ishtirokchisi, karate bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasi katta treneri hamda oliy toifali trener (2018 yil 19 noyabrdagi 985-sonli buyruq, guvohnoma raqami №0158) Bo‘riyev A.E. Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 14 iyundagi 173-son qarori bilan tasdiqlangan Sport terma jamoalari to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra ma’naviy-axloqiy va boshqa normalarni buzganligi sababli milliy terma jamoa tarkibidan chiqarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan.


Maqola muallifi

Teglar

janjal karate O'zbekiston kubogi

Baholaganlar

59

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made