QALAMPIR.UZ tanqididan so‘ng Uchtepadagi maktabga 50 nafar hasharchi yuborildi

Jamiyat

image

QALAMPIR.UZ internet nashrida kecha, 3 iyun kuni “Maktablarda majburiy mehnat davom etyapti. Navbatdagisi poytaxtda” sarlavhali material e’lon qilingan edi. 

Unda Toshket shahri Uchtepa tumanida joylashgan 295-maktab o‘qtuvchilarni majburiy mehnatga jalb etilayotgani, maktabga mutasaddilar tomonidan yetarli e’tibor berilmayotganligi bayon qilingan.

Maqola e’lon qilingach, bugun, 4 iyun kuni 295-maktabda ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergan. Bu haqda maktab o‘qituvchisi Sohiba Salimova QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda ma’lum qildi. 

“Ertalabdan maktabimizga Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent shahar hokimiyati tomonidan vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida vakillar keldi. Hokimiyat maktab hududini obodonlashtirish uchun 50 nafar hasharchilarni maktabimizga jalb qildi. Bugun o‘qituvchilar o‘zining o‘quv-tarbiyaviy ishlari bilan mashg‘ul. Mutasaddilar tomonidan o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun qulay shart-sharoit yaratilishi ma’lum qilindi. Maktabimiz har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadigan bo‘ldi. Buning uchun QALAMPIR.UZ tahririyatiga minnatdorlik bildiramiz.” 

Mazkur holat yuzasidan, biz O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati rahbari Anvar Umarov bilan bog‘landik. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda vazirlik tomonidan mazkur maktab har tomonlama o‘rganilmoqda va albatta, xulosasiga qarab, maktab uchun zarur bo‘lgan chora-tadbirlar ko‘riladi. 

Ko‘rib turganigizdek, Uchtepa tumanida joylashgan 295-maktabdagi kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmoqda. Jurnalistning biror bir kamchilik yoki xatoni tanqid qilishidan maqsad ham aslida shu emasmi? Aslida hech bir jurnalist yoki tahririyat hech kimni shaxsiy g‘arazlik yo‘lida tanqid qilmaydi. Bunga haqqi ham yo‘q. Bizning maqsadimiz yagona: hayotimizda uchrayotgan xato va kamchiliklarni xolislik bilan yoritish va xalq dardini mutasaddilarga yetkazish. Zero, bundan ham xalqqa, ham davlatga foyda. Shu o‘rinda har bir mutasaddidan o‘z kamchiliklarini o‘z vaqtida tan olish va ularni bartaraf etish yo‘lida, bugungidek tezkor yo‘l tutilishini istagan bo‘lardik.

Zarnigor Abdumalikova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

30

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing