Toshkentda ilk bor xalqaro yarim marafon o‘tkazildi

Sport

image

Kecha, 24 mart kuni Toshkent shahrida ilk bor “Navro‘z” xalqaro yarim marafoni o‘tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Marafonda dunyoning 28 davlatidan tashrif buyurgan 1700 ga yaqin professional va havaskor atletlar qatnashishdi. Shundan 680 nafar ishtirokchi 21 km masofa bo‘yicha, 1000 ga yaqini esa 5 km masofa bo‘yicha o‘zaro bellashdilar. Shuningdek, I xalqaro Toshkent yarim marafoni doirasida imkoniyati cheklanganlar uchun 1 kilometr masofaga yugurish bahslari ham o‘tkazildi.

Finish chizig‘iga yetib kelgan har bir g‘olib qarsaklar sadosi ostida kutib olinib, ularning har biriga maxsus marafon medallari topshirildi. Musobaqa uchun maxsus bezatilgan sahnada g‘oliblarni qutlash uchun san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi ham tashkil etildi.

Sahna yaqinida o‘rnatilgan monitor orqali esa ishtirokchilarni onlayn tarzda kuzatish imkoniyati ham yaratildi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra 5 km masofa bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi bahsda Otabek Toshquvvatov g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, Humoyun Mahkamov va Xurshid Ahmadaliyevlar keyingi o‘rinlarni egallashdi.

Xuddi shu masofada qizlar o‘rtasidagi bahsda Azizaxon Mirzaakbarova g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarni  Shohsanam Xurramova Marjona Baratovalar egallashdi.

Imkoniyati cheklanganlar bo‘yicha 1 km masofada erkaklar o‘rtasidagi bahsda Xitoy Xalq Respublikasi vakili  Linkiang Yang marraga eng birinchi bo‘lib yetib keldi. Ikkinchi va uchinichi o‘rinlarni qirg‘izistonlik  Adilet Kыshtakbekov va o‘zbekistonlik Andrey Petrov band etishdi.

Va nihoyat 21 km masofa bo‘yicha qizlar o‘rtasidagi bahslarda Qirg‘iziston Respublikasi vakilasi Dariya Maslova g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni o‘zbekistonlik sportchilar Sitora Hamidova va Yekaterina Tunguskova qo‘lga kiritishdi.

Belgilangan masofaga 1 o‘rindan 8 o‘ringacha yetib borgan g‘oliblar 12 million so‘mdan 3 million so‘mgacha pul mukofoti, diplom va medallar bilan taqdirlandi.


Maqola muallifi

Teglar

xalqaro yarim marafon

Baholaganlar

19

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar