AQSH O‘zbekistonga 2,23 million dollarlik tibbiy jihozlarini yubordi

Jamiyat

image

Bugun, 9 oktyabr Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi kurashish harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2,23 million dollarlik tibbiy jihozlar yetkazib berdi. Ushbu jihozlarni O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev qabul qilib oldi. 

Ushbu yordam yuklari o‘z ichiga laboratoriya uskunalari va 100 ming test o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan reagentlarni olgan. Ular COVID-19 ni aniqlash uchun xavfsiz va tezkor sinov o‘tkazish salohiyatini sezilarli darajada kuchaytirishi kutilmoqda.  

“COVID-19 nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda odamlarning kundalik hayoti va yashash tarziga tahdid bo‘lib qolmoqda. Ushbu virus hech kimni cheklab o‘tmadi —  o‘zimiz, yaqinlarimiz, qo‘ni-qo‘shnilarimiz, do‘stlarimiz, hamkasblarimizga ta’sir qildi. Yo‘qotgan har bir odamimiz, yopilgan har bir korxona va uning oqibatida jabrlangan odamlar uchun ham biz virusga qarshi kurashishni davom ettirishimiz zarur. Bu kurashda biz hammamiz birgamiz. AQSH Hukumati o‘zbekistonlik hamkorlari bilan mamlakatda xalq salomatligi va faravonligini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaqindan hamkorlik qilish tamoyiliga sodiq qoladi”, deydi AQSH elchixonasi missiyasi boshlig‘i o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Aleksis Sallivan.  

Yetib kelgan jihozlar AQSH hukumatining O‘zbekistonga COVID-19 ga qarshi kurashda ko‘rsatayotgan yordamining bir qismidir. Shu kungacha AQSH Hukumati O‘zbekistonga COVID-19  epidemiyasiga qarshi kurashishda yordam berish uchun 8,8 million AQSH dollari ajratdi. Sentyabr oyida USAID O‘zbekistonga 200 ta sun’iy nafas berish apparatlarini taqdim etgan edi. USAID O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa hamkorlari bilan ushbu moslamalarni butun mamlakat bo‘ylab sog‘liqni saqlash muassasalariga tarqatishda yaqindan hamkorlik qildi.

Ma’lumot o‘rnida, USAID O‘zbekiston Hukumati bilan mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni ko‘paytirish, sog‘liq uchun jiddiy tahdidlarni, shu jumladan COVID-19 ni bartaraf etish, hamda hukumatning aholi ehtiyojlarini ta’minlash borasida salohiyatini oshirish masalalari bo‘yicha ish olib boradi.


 


Maqola muallifi

Teglar

USAID

Baholaganlar

23

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing