Akfa universiteti talabasi bo‘lish shartlari qanday?

Jamiyat

image

Akfa universiteti haqidagi matbuot anjumanida ushbu OTMga kirish tartiblari haqida ayrim ma’lumotlar e’lon qilindi. Jumladan, universitetga kirmoqchi bo‘lgan fuqarolardan maktab yoki o‘rta maxsus ta’lim muassasini tamomlaganligi haqidagi hujjati hamda  IELTS yoki  TOEFL sertifikatlari talab qilinadi.  Shuningdek, hujjat topshiruvchi abituriyent eng kam 6.0 ballik IELTS sertifikatiga ega bo‘lishi, bundan tashqari, kirish imtihonlarida  kimyo, biologiya va matematika fanidan 20 ta savolli yozma ish topshirishlari  kerak bo‘ladi.

Universitetda xorijdan kelgan malakali professor-o‘qituvchilar dars beradi. O‘quv jarayonlarining barchasi ingliz tilida olib boriladi.  Akfa universitetida ta’lim 6 yil muddatni tashkil etadi. Bu jarayon 2 yillik tibbiy tayyorlov kurslari va 4 yillik tibbiy kurs dasturlarni o‘z ichiga olgan.

Akfa universiteti Janubiy Koreyaning Ganjon universiteti bilan hamkorlikda uning andozasida tashkil etilmoqda.

“Koreyaning Ganjon universiteti diplomiga ega bo‘lgan talabalar  attestatsiyadan  o‘tgach, AQSHda  magistraturada o‘qishni davom ettirish yoki ish faoliyatini olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Koreya bilan shartnomani imzolashda ham ayni jihatlarga e’tibor qaratilib,  Akfa universiteti bitiruvchilari ham xuddi mana shunday imtiyozlarga ega bo‘lishlari belgilandi”, deydi loyiha muallifi Behzod Jalilov.

Joriy yilning may oyida universitetning veb-sayti ish boshlaydi va unga OTM nizomi, o‘quv dasturlari hamda qabul masalalaridagi barcha ma’lumotlar joylashtiriladi.

Imtihonlar iyun-iyul oylarida o‘tkazilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Akfa universiteti

Baholaganlar

2465

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing