2 ball qadri: sud va adolat abituriyent tarafda, TDPU-chi?

Tahlil

image
Xitoydagi yangi virusning O‘zbekistonga kirmasligi uchun choralar ko‘rilganmi? north_east

Xitoydagi yangi virusning O‘zbekistonga kirmasligi uchun choralar ko‘rilganmi?

Yaqinda QALAMPIR.UZ tahririyatiga fuqaro Kamola Ibragimovaning yaqin qarindoshlari murojaat qilishdi. Murojaatda Kamola Ibragimova Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetini sudlarda yutgan bo‘lsa-da, OTM ma’muriyati uni magistr bosqichiga o‘qishga tiklash masalasiga bepisandlik bilan qarayotgani bayon qilingan.

Hujjatlarga ko‘ra, 2019 yil 25 iyulda Kamola Ibragimova Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti magistratura bosqichining “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi biologiya yo‘nalishi” bo‘yicha o‘zbek guruhida o‘qish uchun hujjat topshirgan. 2019 yil 6 avgustda bo‘lib o‘tgan sinovda ishtirok etgan. Jami to‘plagan bali yetarli bo‘lmagani bois magistratura bosqichiga o‘qishga qabul qilinmagan.

Shundan so‘ng, Ibragimova mutaxassislik fani bo‘yicha test savollariga berilgan javoblarni baholash natijasidan norozi bo‘lib universitetning apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilgan. Komissiyaning yig‘ilish qarori bilan Ibragimovaning apellyatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilib, mutaxassislik fani bo‘yicha 17-savolga to‘g‘ri javob bergan deb topilgan va unga 2 ball qo‘shib berish, mutaxassislik fani bo‘yicha jami to‘plagan balini 54 ball deb hisoblash haqida qaror qabul qilingan. Arizachi Ibragimovani mutaxassislik fani bo‘yicha qolgan 23 ta savolga nisbatan bergan e’tirozlarini qanoatlantirish rad etilgan.

Kamola universitet apellyatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lib, sudga shikoyat-ariza bilan murojaat qilgan. Birinchi instansiya sudi, shikoyat arizani qisman qanoatlantirish haqida xulosaga kelgan. Sud tomonidan test topshiriqlari sifatini aniqlash yuzasidan komission sud ekspertizasi tayinlangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ekspert komissiyasining xulosasiga ko‘ra, test topshiriqlari kitobidagi “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (biologiya) o‘zbek” fani bo‘yicha tuzilgan 1, 3, 5, 7, 12, 13, 16, 17, 20, 21, 36, 37, 41, 42, 44, 45, 46, 47, 48 - savollar matni mazmuni to‘g‘ri tuzilganligi, savol shartlari to‘g‘ri qo‘yilganligi, savol matni va mazmuni Ibragimovani chalg‘ituvchi xarakterga ega emasligi, 14,22,30 – savollar matni mazmunan to‘g‘ri tuzilmaganligi, chalg‘ituvchi xarakterga ega ekanligi aniqlangan.

Sudlov hay’ati, ishda to‘plangan hujjatlarga va dalillarga baho berib, ekspertiza xulosasini tahlil qilib, mutaxassislar fikri hamda arizachi Ibragimovaning tushuntirishlarini tinglab, ekspertiza xulosasiga ko‘ra 22-savolning matni hamda mazmuniga ko‘ra imtihon topshiruvchini chalg‘ituvchi xarakterga ega deb hisoblagan. Ibragimova biologiya fani yo‘nalishi bo‘yicha 4 yil tahsil olgani bois, ekspertlarning 14 va 30-savollar matni va mazmuniga ko‘ra, uni chalg‘itishi mumkinligi borasidagi xulosalari bilan kelishmagan.

Biroq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qarordan norozi bo‘lib, Toshkent shahar ma’muriy sudiga kassatsiya tartibida shikoyat qilgan. Ish 2019 yil dekabr oyining 25 kuni sudya B.Usmonova raisligida ko‘rib chiqilgan. 

Kassatsiya sudiga ko‘ra, birinchi instansiya sudi, ish holatlarini to‘liq o‘rganmagan. Shikoyat qilinayotgan ma’muriy huquqiy munosabatni aniqlamasdan, ma’muriy organ tomonidan qabul qilingan ma’muriy hujjatni talab qilib olmagan. Universitet apellyatsiya komissiyasining 2019 yil 13 avgustdagi xulosasi ma’muriy hujjat hisoblanmasada, uni haqiqiy emas deb topish haqida noto‘g‘ri xulosaga kelgan.

Bundan tashqari, sudlov hay’ati birinchi instansiya sudining Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universitetining qabul komissiyasi raisi zimmasiga Ibragimovani amaldagi tartib bo‘yicha ball bilan qayta baholab, Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti magistraturasining 1-bosqichiga “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi biologiya yo‘nalishi”ning o‘zbek guruhiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish majburiyatini yuklatish haqida barvaqt xulosaga kelgan deb hisoblagan.

Bunday xulosaga kelishda, arizachi talabda uni grant asosida o‘qishga qabul qilish majburiyatini javobgar zimmasiga yuklashni so‘ramagani, shuningdek, arizachini o‘qishga qabul qilish masalasi, qayta baholash natijasida to‘plagan umumiy ballari natijasiga ko‘ra qabul komissiyasi tomonidan hal qilinishi aytilgan.

Shunga ko‘ra, sudlov hay’ati birinchi instansiya sudining mazkur ma’muriy ish yuzasidan qabul qilgan hal qiluv qarorini qisman bekor qilib, qonunga muvofiqlashtirishni lozim topgan. Sudlov hay’ati birinchi instansiya sudining mazkur ma’muriy ish yuzasidan chiqarilgan hal qiluv qarorini qisman bekor qilib, xulosa qismini qonunga muvofiqlashtirishni, kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni lozim deb topgan.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti magistratura mutaxassisliklariga kirish yuzasidan fanlar bo‘yicha apellyatsiya komissiyasining yig‘ilish bayonnomasi asosida qabul qilgan qarorining 3-bandidagi ro‘yxatning 5-tartib raqamdagi Ibragimovaga tegishli “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi (biologiya) o‘zbek” fani bo‘yicha test topshiriqlari kitobidagi 22-savolga oid qismi haqiqiy emas deb topilgan.

Javobgar Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti qabul komissiyasi zimmasiga Ibragimovani mutaxassislik fani bo‘yicha YKT 12-raqamli test topshiriqlari kitobidagi 22-savolni baholash mezoniga muvofiq to‘g‘ri javob sifatida qayta baholab, Kamolaning mutaxassislik bo‘yicha umumiy to‘plagan baliga qo‘shib hisoblash hamda “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi biologiya yo‘nalishi”ga o‘zbek guruhiga o‘qishga qabul qilish masalasini ko‘rib chiqish majburiyati yuklatilgan.

Biroq universitet hozirgacha bu majburiyatni bajarmay kelmoqda. Bizga ma’lum bo‘lishicha, ular keyingi bosqich Oliy sudiga nazorat tartibida shikoyat-ariza berishmoqchi.

Tahririyatga 2019-2020 o‘quv yilida qabul qilish bo‘yicha kirish sinovi qaydnomasi hujjati taqdim etildi. Agar universitet 22-savolni baholash mezoniga muvofiq to‘g‘ri javob sifatida qayta baholab, Kamolaning mutaxassislik bo‘yicha umumiy to‘plagan baliga 2 ball qo‘shib hisoblasa, 176,6 ball deb hisoblanar ekan. 

Chunki imtihonlar yakuni bo‘yicha yiqqan 92 bali va bakalavriat bosqichidagi olgan 84,6 bali qo‘shilsa, yuqoridagi 176,6 ball deb hisoblanadi. O‘z o‘rnida Kamola magistratura bosqichiga 2-o‘rinda grant asosida qabul qilingan talabadan o‘tib ketib o‘qishga qabul qilinishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 245-moddasida ko‘ra, kassatsiya instansiyasi sudining qarori qabul qilingan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi. Sud tomonidan ijro etish uchun tegishli tashkilotlarga qaror nusxalari ham jo‘natilgan. Lekin ijro hozirgacha amalga oshirilmagan.

Yuqoridagi holatlarni ko‘rib o‘z-o‘zidan bir nechta savollar paydo bo‘lmoqda. Universitet vakillariga ikkala sudda ham ekspertlar tomonidan xatolari ko‘rsatilib berilsa-da, nega hanuz sud qarori ijrosi qilinmay kelmoqda? Ma’muriyat ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 245-moddasiga amal qilmaydimi? Endi Kamola Oliy sudni kutadimi? Ishni Oliy sudda yutadigan bo‘lsa, universitet pozitsiyasi qanday bo‘ladi? Kamolaning yo‘qotayotgan umriga universitet achinmaydimi? Universitet har safar sudda yutqazib sud xarajatlarini to‘lamoqda. Ushbu pullar biror bir kitob sotib olishga sarflansa bo‘lmasmidi? Magistratura bosqichida o‘qishni istagan fuqaroga nega bunchalik qattiq qarshilik qilinmoqda?

Hozircha savollar javobsiz qolmoqda. QALAMPIR.UZ voqealar rivojini kuzatadi.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy sud TDPU

Baholaganlar

133

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing