Umraga ketib qaytolmaganlar

Jamiyat

Bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlar Umra ziyoratiga borib, qaytib kela olmayotganini aytgan ziyoratchilarning videolari bilan to‘ldi. Kimdir odamlarni safarga yuborgan “Gulbahor airways” tur firmasini ayblasa, yana kimdir vaqtida aviareyslarni yo‘lga qo‘ymagan “Ponorama airways” xususiy aviakompaniyasini qoralamoqda. Xo‘sh, bu norozilik nimadan kelib chiqdi? QALAMPIR.UZ holatni o‘rgandi.

Deyarli 10 kundan buyon “Gulbahor airways” turistik firmasi eshigida, vaqtini kutish bilan o‘tkazayotganlar orasida yaqinlari hali Umra safaridan qaytmagan yoki allaqachon safarga ketish uchun to‘lov qilganlar ham bor.

Odamlarning aytishicha, Umra safariga borish uchun 750 dollardan 1000 dollargacha tur paketlar sotilgan. Uning ichiga borish-kelish, mehmonxona, Madina shahrida 2, Makkada 3 mahal ovqatlanish kiritilgan.

“Biz 24 yanvar kuni 14 kunga Umra ziyoratiga ketishimiz kerak edi. Hali ham keta olmadik. 9 mln 875 ming so‘m pul to‘laganmiz. Birinchi reyslar qoldirilishini havo yomonligi sababli deb aytishgandi, ana endi o‘zingiz ko‘rib turibsiz”, deydi mijozlardan biri.

QALAMPIR.UZ ixtiyoridagi ma’lumotlarga ko‘ra, tur kompaniya ziyoratchilarni Madina va Makka shaharlariga borib kelishlari uchun “Panorama airways” kompaniyasi bilan hamkorlik qilgan. Kompaniya reyslarida uzilishlar bo‘lgani sababli ziyoratchilar vaqtida O‘zbekistonga olib kelinmagan. Buning ortidan noroziliklar paydo bo‘lganidan keyin 24 yanvardan hozirgacha Umra safariga borishi kerak bo‘lgan barcha reyslar to‘xtatilgan.

Guvohlarga ko‘ra, MCHJ safar uchun olingan pullarni 25-30 kishiga qaytarishga muvaffaq bo‘lgan. Fuqarolar yaqinlari Umra safaridan kelolmaganini aytib, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilganidan so‘ng, ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma qilgan “Gulbahor airways” MCHJ ofisi yopib qo‘yilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning aytishicha, ayni damda mazkur MCHJning ishi o‘rganilmoqda.

"Hozirda Transport prokuraturasi tomonidan hususiy aviakompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida “Gulbahor airways” MCHJning faoliyati ham o‘rganilmoqda"deydi Bosh prokuratura vakili.

Odamlarning aytishiga ko‘ra, Umraga borib, qaytib kelolmaganlar ko‘chaga tashlab qo‘yilmagan. Ularning mehmonxonada yashashi va 3 mahal ovqati “Gulbahor airways” turistik firmasi tomonidan qoplab berilgan. Shuningdek, holatga munosabat bildirgan Turizm qo‘mitasi ham ziyoratchilar “Gulbahor airways” MCHJ faoliyatidan norozi bo‘lmaganini aytmoqda.

Qayd etilishicha, “Gulbahor airways” MCHJ tomonidan Umra tadbirlarini tashkil etishda ziyoratchilarga noqulaylik tug‘dirilganligi holati o‘rganilib, mazkur holat yuzasidan tegishli qonuniy choralar ko‘rilgan.

“Hozirda ziyoratchilar mehmonxonaga joylashtirilganligini ma’lum qilamiz. Amalga oshirilgan ishlar davomida ziyoratchilar tomonidan “Gulbahor airways” MCHJga e’tirozi yo‘qligi bildirilgan. Shuningdek, “Gulbahor airways” MCHJ Qo‘mitaning Toshkent shahar turizm boshqarmasi tomonidan litsenziya talablari va shartlariga amal qilinishi yuzasidan qat’iy ogohlantirildi”, deyiladi qo‘mita xabarida.

QALAMPIR.UZ bilan gaplashgan bir nechta turistik kompaniya vakillarining aytishicha, ular orasida aynan “Panorama airways” aviakompaniyasi bilan shartnoma tuzgan va aviaqatnovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani uchun shartnomani bekor qilganlar ham bor.

Yuqorida aytganimizdek, holat huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘rganilmoqda va yaqin kunlarda natijasi bo‘yicha aniq ma’lumotlar beriladi. Voqealar rivojini QALAMPIR.UZ’da kuzating.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made