Yo‘ldoshev: Korrupsioner qaysi mansabda, mavqeda bo‘lishidan qat’i nazar jazolanadi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida mamlakatda korrupsiyani jilovlash uchun olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Prokuror xalqaro tashkilotlar uchun ham, O‘zbekiston uchun ham muhim bo‘lgan ayrim holatlarni ta’kidlab o‘tdi. 

“Bugun oliy ta’lim va qurilish sohasini korrupsiyasiz sohalarga aylantirish bo‘yicha rahbariy hujjatlar tayyorlandi. Ijrochilari aniq, qilinadigan ishlar doirasi aniqlanib, ijroga qaratilganini aytishimiz shart.

Bu boshlanishi. Turmushimizning boshqa jabhalari bo‘yicha ham huddi shunday tahliliy ishlar olib borilyapti, choralar ko‘rilyapti. Bugungi kunda O‘zbekistonda 65 ta boshqaruv tizimlarida korrputsiyani jilovlashning ichki idoraviy cheklovlarini joriy etish bo‘yicha ishlar ketyapti. Bu masalaga Adliya vazirligi va barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, jamoat tashkilotlari, qolaversa, o‘sha tizimni boshqaruvchi tuzilmalar to‘lig‘icha safarbar qilingan”, dedi Erkin Yo‘ldoshev.

Bosh prokuror o‘rinbosari so‘zida davom etib, korrupsiyaga qarshi kurashda  bir nechta muhim masalalar borligi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Eng muhimi. Antikorrupsion qonunchilikni takomillashtirish, uning ijro mexanizmi va qonunni qo‘llash amaliyoti o‘rtasida uzilishlar borligi hech kimga sir emas. Hammamiz bu jarayonda yashaganmiz, bilamiz. Mana shu uzilishni bartaraf etish kerak.

Bugungi vazifa – korrupsiya uchun jazoning muqarrarligi muhitini yaratish. Jamiyatda shunaqa fikr shakllandi, bunga hammangiz guvoh bo‘lib turibsiz: Bugungi kunda O‘zbekistonda korrupsioner qaysi mansabda, qaysi mavqeda bo‘lishidan qat’i nazar jazosini oladi.

Ikkinchi juda muhim deb, hisoblangan yo‘nalishimiz – davlat mablag‘lari taqsimoti va sarflanishi ustidan jamoatchilik nazorati. Jamoatchilik nazorati bilan bog‘liq masala bugun ham yalpi majlisga qo‘yilgan”, dedi Erkin Yo‘ldoshev.

Bosh prokuror o‘rinbosari ommaviy axborot vositalarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi ahamiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Yana bir o‘ta muhim yo‘nalishlardan biri – axborot vositalarining erkin va mustaqil faoliyat olib borishi uchun imkoniyat yaratish. Bu antikorrupsion jarayonni kuchaytirishning favqulodda omili ekani sir emas. Antikorrupsion choralardan xalqni imkon qadar ko‘proq xabardor qilishimiz shart.

Bugungi kundagi ijtimoiy tarmoqlar, matbuotning bugungi faoliyati, xalq bilan bog‘langanlik darajasi jamiyatda antikorrupsion muhitning mutlaqo yaxshilanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti, desak xato qilmaymiz.

Bularning yig‘indisini oladigan bo‘lsak, nafaqat mansabdorlar, balki butun aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish birinchi o‘ringa chiqyapti.

Va nihoyat, korrupsiyani bitta hamla bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Bitta sermab qilich tortgan bilan korrupsiya tag-tomiri bilan yo‘q bo‘lib ketmaydi. Iloji yo‘q narsa bu. Buning uchun keng qamrovli, mashaqqatli jarayondan o‘tishimiz kerak bo‘ladi. Buning uchun bugungi kunda Bosh prokurorimiz rahbarlik qilayotgan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi komissiya faoliyati yetarli emas. Bizning korrupsiya bilan kurashishimiz faqat jinoyatchilikni topib olib, jazolash emas, balki unga olib keladigan sabablarni aniqlash va bartaraf qilishdan iborat.

Buning uchun esa butun xalq, jamiyat qo‘zg‘alishi kerak. Korrupsiyaga ko‘nmaslik degan kayfiyat shakllanishi kerak”, deb ta’kidladi Yo‘ldoshev.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya Senat Erkin Yo'ldoshev

Baholaganlar

31

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing