Xivada Prezident maktabi qurilishi boshlandi

Jamiyat

image

Avvalroq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida joriy yilning sentyabr oyidan o‘z faoliyatini boshlashi kutilayotgan Prezident maktabining qurilish ishlari boshlangani haqida xabar bergan edik.

Kecha, 8 mart kuni Xorazm viloyatining Xiva shahrida Prezident maktabini qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tantanada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov, Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev, Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov va boshqa tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tomonidan Prezident maktabini Xiva shahar “Mevaston” mahallasi, Amir Temur ko‘chasi, yangi Lokomotiv istirohat bog‘i yonidagi yer maydonida qurish taklifi berildi.

Prezident maktabining poydevoriga tamal toshini Ochilboy Ramatov hamda Farhod Ermanovlar qo‘yib, qurilish ishlarini boshlab bergan.

Shuningdek, Xorazm viloyati hokimligining tashabbusiga ko‘ra 2019 yilda tavalludining 290 yilligi nishonlanadigan shoir, tarjimon, tarixchi va davlat arbobi Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy nomidagi ona tili va adabiyoti, xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internati ochilishi rejalashtirilgan edi. Shu munosabat bilan Ogahiyning uy-muzeyi yonidagi ochiq maydonda ushbu maktab-internati uchun yer ajratildi.

Har ikkala yangi qurilish yuzasidan Xiva shahar hokimining qarori qabul qilingan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev tomonidan 2019 yilda Investitsiya dasturiga tushgan umumta’lim maktablarida olib borilayotgan ishlar ko‘rib chiqilib, tegishli tavsiyalar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident maktabi Xiva

Baholaganlar

79

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing