Toshkentda erkaklarning soqoli nega qirildi? IIBB rasmiy izoh berdi

Jamiyat

image

Joriy yilning 23 avgust kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi Jamoliddin Muhammad o‘z sahifasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari soqolga qarshi “operatsiya” o‘tkazayotgani va o‘zi ham uning ishtirokchisiga aylanganini yozgandi. 

Uning qayd etishicha, 23 avgust kuni Toshkentning Kichik xalqa yo‘lida joylashgan Malika maishiy texnika buyumlari bozoridan chiqishda Ichki ishlar organlarining formali xodimlari o‘zini tanishtirmasdan turib, Jamoliddin Muhammadni Ichki ishlar bo‘limiga olib ketishgan. 

“Kirishda uzun navbat, hamma soqolli. Demak, soqol bo‘yicha gaplashamiz, deb o‘yladim. Ichkarida yana navbat. Bu yerda ma’lumot olinib suratga olishyapti. Men ham tushdim. Keyingi xona “suhbat”. U yerda soqolimni o‘sha yerda oldirishga MAJBUR (!) ekanimni aytishdi, tabiiyki bunga ko‘nmadim. O‘zini tanishtirishdan bosh tortgan navbatdagi (bu oddiy holatga aylanib bo‘ldi) kishi soqolimni oldirmasdan bu yerdan chiqib ketolmasligimni aytdi. Qonunlarda “soqol o‘stirish mumkin emas”, degan yeri bo‘lsa ko‘rsating, unga so‘zsiz itoat qilaman, dedim. Lekin ular bunday qonun yo hujjat ko‘rsatishmadi. Endi ham rozi bo‘lmaganim sababli, “organ hodimining qonuniy talabini bajarmaslik” deya so‘zini davom etayotgan kishi, “soqolni oldirib, keyin qayoqqa xohlasangiz o‘sha yoqqa shikoyat qilishingiz mumkin”, dedi. Orada gaplar ko‘p bo‘ldi, alam qilgani, soqolimni oldirib ham asr namozi vaqti chiqib ketayotganini aytsam ham sababini aytmasdan ushlab turishdi. Soqolimni olayotgan sartarosh yigitcha bunga majbur bo‘lganini, o‘z xohishi bilan qilmayotganini aytdi. Uni tushundim. Soqolimni olayotganlarida mazah qilib “sochini ham olib tashla” dedi eshik oldida turgan bir kishi. Orada “ekspert” bilan suhbatlashdik, u kishi ham asr namozini men bilan masjidda o‘qidi. Kun botib bo‘lgan edi”, deb yozadi Jaloliddin Muhammad. U bo‘lib o‘tgan voqealarga nisbatan Ichki ishlar bosh boshqarmasidan izoh berishini talab qilgan edi. 

Bu vaqt oralig‘ida bo‘lib o‘tgan voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Mahalliy, qolaversa, xorijiy ommaviy axborot vositalarining e’tiborini tortdi. Jaloliddin Muhammad Ichki ishlar bo‘limida din sohasi xodimlari bilan ham suhbat qurganini, soqol qo‘yish bilan bog‘liq savollarga javobida diniy tus berishni istamaganini aytadi. 

Oradan 4 kun o‘tib, bugun, 27 avgust kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holatga rasman munosabat bildirdi. Ichki ishlar bosh boshqarmasiga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan voqealarga dinni ro‘kach qilish – noto‘g‘ri.Unda shunday deyiladi: 
“Ma’lum qilamizki, poytaxtda har yili shahrimiz aholisining xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan “Xavfsiz hudud” tadbirlari o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, ushbu tadbirlar davomida jamoat joylariga, masalan Sayilgoh ko‘chasi, bog‘lar va xiyobonlar, ko‘ngilochar-savdo markazlari, bozorlar va hokazolarga alohida e’tibor qaratiladi. Ba’zi ob’ektlarda vaziyatni kuzatish uchun tashqi kuzatuv intellektual kameralaridan foydalaniladi. Ma’lumotlar bazasiga qidiruvda bo‘lgan shaxslarning biometrik pasportlaridagi ma’lumotlar, ya’ni tartib bo‘yicha ko‘zoynaksiz, bosh kiyimisiz va soqolsiz tushirilgan rasmlari kiritilgan.

23-24 avgust kunlari Shayxontohur tumanidagi “Malika” deb nomlanmish savdo maskanida bo‘lib o‘tgan hodisaga to‘xtalsak. Darhaqiqat, u yerda ishlaydigan ba’zi shaxslar bo‘yicha o‘g‘rilik, o‘g‘irlangan qo‘l telefonlarini sotib olish va sotish faktlari asosida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Afsuski, bu kabi holatlar hanuz ro‘y berib turadi va ushbu savdo maskanida rasman va norasman ishlaydigan alohida shaxslar qonunbuzarliklarga aralashib qolishgan. Suhbatga taklif etilganlar soqoli bor yoki yo‘qlarga ajratilmagan, ammo ta’kidlash joizki, soqollilar u yerda ko‘pchilikni tashkil etadi.

Alohida fuqarolarga tashqi ko‘rinishlarini biometrik pasportdalaridagi rasmlariga muvofiqlashtirish tavsiya etilgan. Deyarli barcha ushbu iltimosni to‘g‘ri tushundi. Ko‘plar soqol qo‘yib yurish ular uchun muhim emasligini, balki vaqt yo‘qligi, modaga taqlid qilish va boshqa sabablarga ko‘ra soqollarini olmaganlarini ma’lum qilishdi.

Shu bilan birga qat’iy ma’lum qilamizki, yuqoridagi holatga diniy mazmunning hech qanday aloqasi yo‘q. Qolaversa, bu vaziyatda dindorlarning hissiyotlari bilan o‘ynashish, mazkur mavzuni bo‘rttirish noo‘rindir”. 

Ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqarolarga qonunchilik talablarini bajarish kerakligini eslatgan:

“Hurmatli hamshaharlar va poytaxt mehmonlari! Jamoat tartibini saqlash va sizning xavfsizligingizni ta’minlash oson ish emas, aksincha, ba’zida ko‘p qirrali, xatarli bo‘lishi mumkin. Ko‘plab holatlar nozik bo‘lib, inson huquqlari va erkinligi, uning shaxsiy hayoti masalalariga borib taqalishi mumkin. Shu sababli ichki ishlar xodimlari oldilariga qonun (O‘zbekiston Respublikasi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuni, Jinoyat-protsessual kodeks) doirasida ish tutish vazifalari qo‘yiladi. Fuqarolarda ham huquqlardan tashqari Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, o‘zgalar huquqi, erkinligi, sha’nini hurmat qilish (O‘zbekiston Konstitutsiyasi 48-modda), ichki ishlar organi xodimi tomonidan vakolatidan kelib chiqqan holda qo‘yilgan qonuniy talablarini bajarish (“Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasi) majburiyati mavjud”.


Maqola muallifi

Teglar

soqoli

Baholaganlar

541

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar