2 nafar Ichki ishlar xodimi pora bilan qo‘lga tushdi

Jamiyat

image

Farg‘onada bir fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atish, qamatish bilan tahdid qilib, 500 dollar pora olgan 2 nafar ichki ishlar xodimi ushlandi.

Viloyatning Oltiariq tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limi surishtiruvchisi D.M. hamda profilaktika inspektori V.A. tamagirlik qilib, jinoyatga qo‘l urdi.

D.M. xizmat vazifasiga jinoyatlarni fosh etish, oldini olish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash, ish yurituviga berilgan ariza, material yoki jinoyatlar bo‘yicha surishtiruv va tergov harakatlari o‘tkazib, ular bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish kirar edi. Ammo u profilaktika inspektori V.A. bilan til biriktirib, tamagirlik yo‘lini tanladi. 

Ma’lum bo‘lishicha, D.M. o‘z ish yurituvidagi fuqaro E. Mamatovning “Neksiya-2” rusumli avtomashinasini o‘g‘irlanganligi holati yuzasidan S.Abdurahimovga nisbatan to‘plangan material bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish va ma’muriy tartibda hal qilish evaziga 500 dollar pora berishni talab qilgan. Aks holda unga jinoyat ishi qo‘zg‘atish va qamash bilan tahdid qilgan. Albatta bu ishni profilaktika inspektori V.A. yordamida amalga oshirishni reja qildi. S. Abdurahimov esa bu ikki nafar davlat organi mansabdor shaxslarining qilmishlari yuzasidan ariza bilan murojaat qildi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Farg‘ona viloyat boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘z xavfsizligi boshqarmasining viloyat bo‘yicha bo‘limi xodimlaridan iborat tezkor tergov guruhi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda dastlab V.A. o‘zining “Matiz” rusumli avtomashinasida kimyoviy ishlov berilgan 500 AQSH dollarini S.Abdurahimovdan pora tariqasida olgan. Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, D.M. o‘z xizmat xonasida 500 AQSH dollarini pora tariqasida olganda, u ham ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi D.M. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasi bilan aybdor deb topilib 6 yil, V.A. esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Jinoyat

Baholaganlar

160

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing