G‘oliblarning yaralari og‘rimaydi - Mirziyoyev iqtibos keltirgan Publiliy Sir kim?

Bu qiziq

image

Kecha, 20 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Majlisda Mirziyoyev Qadimgi Rim shoiri Publiliy Sirning “qonunlar kuchli bo‘lgan joyda, xalq ham, albatta, kuchli bo‘ladi” jumlalarini ishlatdi.

Publiliy Sir o‘zi kim?

Publiliy Sir Rim imperatorlari Sezar va Avgust davrida ijod qilgan shoir hisoblanadi. U Rimga hozigi Suriya hududlaridan qul sifatida borib qolgan. Keyinchalik qullikdan ozod etilgan. U Italiyada dramatik asarlari bilan mashhurlikka erishadi. Uning asarlari ahloqiy xarakterga ega ekanligi bilan xalq orasida qadrlangan.

Uning mazkur maydondagi asosiy raqibi chavandoz va shoir Labeirus bo‘lgan. Miloddan avvalgi 46-yilda ular imperator Sezar tashkil qilgan adabiy musobaqada ishtirok etishadi. Ushbu musobaqada mohir shoir Sir g‘olib bo‘ladi va imperatorning qo‘lidan maxsus sovg‘a oladi. Shundan so‘ng, u butun Rimda mashhurlikka erishadi. U bir nechta asarlar yozgani manbalardan ma’lum. Ammo bizgacha uning to‘liq bo‘lmagan ikkita asari yetib kelgan.

Sirning yana qaysi iqtiboslari mashhur?

“Nodon bu o‘zini boshqara olmaydigan va boshqalarni boshqarishni istaydigan odam”.

“Sizni kim deb bilishlari emas, aslida kimligingiz muhim”.

“Rohatga mehnat orqali erishiladi”.

“Boshqalarga qo‘l siltang, o‘zingizga emas”.

“Ayollar sevadi yoki nafratlanadi: ularda uchinchi yo‘l yo‘q”

“Hayot qisqa, lekin kambag‘allikda uzundek ko‘rinadi”.

“Aybidan uyalmagan, ikki marta aybdor”.

“Mast bilan bahslashayotgan inson, yo‘q odam bilan jang qilayotgandek bo‘ladi”.

“Ko‘rinmas yomonlik ko‘proq tashvishlantiradi”

“O‘zini baxtli deb hisoblamaydigan baxtsizdir”.

“Yaxshilik qilib maqtanishdan yomoni yo‘q”.

“Kutilmagan omadni kutish qiyin, o‘tkazib yuborish oson”.

“G‘oliblarning yaralari og‘rimaydi”.

“Hurmatni qilganni hurmat qiling, xushomadgo‘ylar ustidan kuling”.

“Faqat jarohat yetkazgan insongina yarani davolay oladi”.

“Ko‘pchilik qo‘rqadigan odamning o‘zi ko‘pchilikdan qo‘rqishi kerak”.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Oliy Majlis Publiliy Sir

Baholaganlar

319

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing