“Olimpiya kuni” tadbirlarida 2,5 mln o‘zbekistonlik ishtirok etdi

Sport

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 6 iyul kuni O‘zbekistonda “Olimpiya kuni” katta bayram sifatida keng nishonlandi. E’tiborlisi, mamlakat tarixida hali bunday katta masshtabdagi sport tadbiri o‘tkazilmagan.

Tadbir 6 iyul sanasiga belgilangan bo‘lsa-da, mazkur bayramni nishonlash respublikadagi viloyatlarda bir necha kun muqaddam boshlanib ketgan edi. Jumladan, dastlab Buxoro viloyati Ark qo‘rg‘onida “Olimpiya kuni” doirasida 10 ming kishi ishtirokida ommaviy sport tadbiri o‘tkazildi.

Shundan so‘ng “estafeta tayoqchasi” Samarqand, Xorazm, Andijon, Qashqadaryo va boshqa viloyatlariga navbati bilan o‘tib bordi.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur sport tadbiri Toshkentdan Termizgacha, Xonabod shahridan Qoraqalpog‘istonning chekka hududlarigacha bo‘lgan joydagi deyarli har bir oilaga kirib bordi. Shu bois ham ortda qolgan haftani Olimpiya va sport haftaligi sifatida tarixda qoldi, deya bemalol ayta olamiz. Zero, bir necha kun mobaynida har bir viloyat, shahar va tuman markazlarida Olimpizm g‘oyalarini, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Ta’kidlash joiz, ushbu tadbir doirasida yirik sanoat korxonalaridan tortib yozgi bolalar oromgohlari, mamlakatda faoliyat olib borayotgan ko‘plab tashkilotlar ham faol ishtirok etishdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yilgi “Olimpiya kuni” butun Respublika bo‘ylab 2.5 million kishini sport targ‘iboti, Olimpizm g‘oyasi yo‘lida birlashtirdi.

Jumladan, Toshkentda o‘tgan ommaviy sport tadbiri ham poytaxt aholisi uchun chinakam bayramga aylandi. Bog‘lardagi ko‘ngilochar tadbirlar, markaziy xiyobondagi otlar paradi, “Humo arena”dagi konsert minglab poytaxtliklarga olam-olam quvonch ulashdi.

6 iyul kuni “Humo arena”da o‘tgan katta konsert dasturi esa mamlakatda o‘tgan Olimpiya va sport haftaligining mantiqiy yakuni bo‘ldi. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bundan keyin ham ommaviy sport targ‘iboti yo‘lida qator sport tadbirlarini tashkil etishda davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

MOQ Olimpiya kuni

Baholaganlar

2

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing