Marhamatda mahalliylashtirishga e’tibor nolmi? Auksionda yutgan tadbirkor 8 oydirki yerini ololmayapti

Tahlil

image

Har qanday tanlov yoki tender davlat tomonidan o‘tkazilsa, fuqaro unga shubhasiz ishonadi. Ko‘pchilik “buning ortida davlatning o‘zi turibdi, demak hammasi ishonchli”, degan fikrga boradi. Biroq va’dalar hujjatlarda keltirilgan bo‘lsa ham amalga oshmay qolsa-chi?!

QALAMPIR.UZ tahririyatiga yo‘llangan navbatdagi murojaat Andijon viloyatining Marhamat tumanidan bo‘ldi. Katta umidlar bilan auksionda ishtirok etgan va g‘olib bo‘lgan tadbirkor bahor oyidan buyon o‘z faoliyatini boshlay olmayapti. Tadbirkor davlat auksioniga ishonib o‘z mulkini ololmayotganidan norozi. Biz murojaatchi bilan suhbatlashdik. 

Yig‘ilib qolgan dardlar

“TARAQQIYOT OMAD SERVIS” X/F nomi bilan faoliyat olib boruvchi korxonamiz avtomobillarga butlovchi qismlar ishlab chiqaradi. “UzAutoMotors”, “UzKoram”, “Uz Dong-yang”, “UzClimateControl” kabi korxonalar bilan shartnomalarimiz bor. Ijara asosida ishlab turgan joyimiz 2016 yilda boshqa korxonaga o‘tib ketdi. Shundan so‘ng, tuman hokimiga murojaat qildik. Doimiy ishlab chiqarishimiz mavjudligini, joy kerakligini aytdik. 

Hokimiyatdagilar bo‘sh turgan joylarni berish hokim vakolatidan chiqarilganini aytishdi. Bunday joylarni olish uchun auksionda ishtirok etish kerak ekan. 2019 yil 9 aprel kuni auksion bo‘lib o‘tdi. 10 aprel kuni pullarini to‘ladim va g‘oliblik bayonnomasi chiqdi. Ammo bayonnomani hokim qarori chiqsa, keyin beriladi deb qo‘limga berishmadi. G‘oliblik bayonnomasi hokimiyatda saqlanyapti. Hozirgi kunga qadar uning aslini bizga berishgani yo‘q. 

Hadeganda yerimni ololmaganim sababli, onlayn auksion markaziga qo‘ng‘iroq qildim. Ular menga auksionda yutsam, hokimiyatga borishim shart emasligini aytishdi. Kadastr va arxitektura kelib qoziqlarni qoqib berishi kerak ekan. Ularga juda ko‘p marta uchradim. Ular menga hokim qarori chiqishi kerakligini aytishdi”, deydi korxona direktori Adham Shomatov.

Bizga tadbirkor auksionda yutgan bo‘lsa ham hokim qarori chiqishini kutishi shart ekanligi qiziq tuyuldi. Qo‘limizga Marhamat tuman hokimining qarori kelib tushdi. Auksionda tadbirkor 9 aprelda yutgan, qaror esa 2019 yil 23 iyulida chiqarib berilgan.

 

“Hokim qaroridan kadastr va arxitektorga bir nusxadan berdim. Ular kelib o‘lchayman deganda, tuman hokimi to‘xtatyapti. “Yer binosi bilan birgalikda boshqa tadbirkorga berilgan. Men boshqa joydan yer qilib beraman”, deb aytyapti. Bizga hokim aytgan joylardan yer kerakmas. U joylar juda chekka joyda bo‘lganligi uchun ishlab chiqarishga to‘g‘ri kelmaydi. Qo‘limda 8 kishi ishlaydi. U joylarda elektr ham yo‘q. Men qanday ishlab chiqarish qilaman. Hozir men yutib olgan binoni “biz oldik” deb boshqa tadbirkor menga chiqyapti”, deya norozi bo‘lmoqda tadbirkor.  

Hokim bilan suhbat

Biz holatni eshitganimizdan so‘ng, Marhamat tumani hokimi Shuhratbek Qamchiyevga qo‘ng‘iroq qildik. Hokim bizga qiziq gaplarni aytib, hayron qoldirdi. 

“Mening hamma korxonalar yodimda turmaydi. Holatni o‘rganib, keyin aytamiz. Menga uchramagan shekilli. U yutganmi, xujjatlarini olib kelganmi, bularning barchasini o‘rganish kerak. Bo‘lmasa biz auksionda yutgan joyga 3 kunda qaror chiqarib beramiz-ku. Holatni yaxshilab o‘rganaylik, so‘ng aytamiz. 

Menga murojaat qilgan ekan-mi, oldimga kelgan-mi? Kelmagan-da. Kelgan bo‘lsa, qarori 3 kunda chiqadi. Qanday kelmaydi? Auksionda yutadi-yu, kelmaydimi? Auksionda yutgan taqdirda ham, men qaror chiqarib berishim kerak-ku. O‘rganib javobini aytamiz”, deydi tuman hokimi Shuhratbek Qamchiyev telefon suhbatida.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimiz-ki, ushbu qo‘ng‘iroq audioyozuvi tahririyatda mavjud. 

Qiziq holatlar?

Ushbu murojaatni o‘rganish davomida bir necha holatlar bizga qiziq tuyuldi. 

Nega auksionda yutgan tadbirkor hokim qarorini kutishi kerak? Agar hokim aytganidek, auksionda yutgan tadbirkorga 3 kunda hokim qarori chiqarib berilsa, nega g‘oliblik bayonnomasi 10 aprelda chiqdi-yu, hokim qarori 23 iyul kuni?

Tuman hokimi “ular menga murojaat qilishmagan, bo‘lmasa hal qilardik-ku”, deb aytdi. Nahotki, auksionda yer yutib olgan, qo‘lida ishchilari bor, katta kompaniyalar bilan shartnomalari bo‘lgan tadbirkor 8 oy bo‘lyaptiki hokim oldiga bormagan bo‘lsa? 

Murojaatchi aytganidek, auksionda yutganligiga qaramay, hokimning boshqa joydan yer qilib berish taklifiga qanday tushunish mumkin?

Bu savollar hozircha ochiq qolmoqda. Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Avtomobillar ehtiyot qismlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorga tez orada g‘olib bo‘lgan mulki berilishiga umid qilamiz.
 


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkor Auktsion erini ololmayapti

Baholaganlar

36

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing