Vazirga maktablarda kitobdan voz kechib, bolalarga planshet berish taklif qilindi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga umumta’lim maktablarida kitobdan voz kechib, o‘quvchilarni planshet bilan ta’minlash taklifi berilgan. Bu haqda vazir kecha, 3 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi. 

“Odamlar xalq ta’limi tizimini yanada yaxshilash bo‘yicha o‘zlarining ko‘plab maslahatlarini yuborishadi. Ayrimlar hatto kitoblarni birato‘la yo‘q qilib, har bitta o‘quvchining qo‘liga planshet tutqazish va darslarni ham to‘liq elektron shaklda o‘tkazishni maslahat berishgan. Ammo men bunday qilinishiga hamisha qarshi bo‘lganman”, deydi Shermatov. 

U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5 tashabbusi va bu tashabbusning bir qismi bo‘lgan kitobxonlik hamda yoshlar mutolaasi haqida gapirarkan, AQSH tajribasiga to‘xtaldi. Ko‘p yillar AQSHda yashagan vazir okean ortida kitobxonlik darajasi oshib borayotganini qayd etdi. 

“Ishonchim komilki, kitob hech qachon yo‘qolmaydi. Taraqqiyot ming kuchaymasin, kitob mutolaasi aslo yo‘q bo‘lmaydi. Bunga rivojlangan davlatlar ham yaqqol misol bo‘la oladi. Masalan, AQSHdagi mashhur Amazon portalini oling. Agar AQSHda birov bosma kitob o‘qimay qo‘yganida edi, mazkur portalga 40 million turdagi kitoblar savdosi bo‘yicha e’lonlar joylashtirilmagan bo‘lar edi”, deydi vazir. 

Sherzod Shermatov  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi farmoniga muvofiq qabul qilingan Konsepsiya xalq ta’limi tizimini uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berganini ta’kidladi. 

Konsepsiyaga ko‘ra:

•    2030 yilga borib, O‘zbekiston Respublikasining PISA (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish; 
•    uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, shuningdek, professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish; 
•    o‘qitish metodikasini takomillashtirish, ta’lim-tarbiya jarayoniga individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich tatbiq etish; xalq ta’limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda innovatsion loyihalarni joriy qilish; 
•    xalq ta’limi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va byudjetdan mablag‘ bilan ta’minlashning samaradorligini oshirish; yoshlarni tarbiyalash hamda ularning bandligini ta’minlashda maktabdan tashqari ta’limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini joriy etish; 
•    davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish hisobiga davlat ta’lim tizimida raqobat muhitini kengaytirish; yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq qilish; 
•    xalq ta’limi tizimida faoliyat ko‘rsatishning jozibadorligini oshirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish hamda ijtimoiy himoya qilish darajasini bosqichma-bosqich oshirib borish ko‘zda tutilmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

xalq ta'limi vazirligi kitob planshet

Baholaganlar

8

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing