Koronavirus O‘zbekistonda qamoqxonalarga kirib bordimi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi mutaxassislari tavsiyalaridan kelib chiqqan holda jazoni ijro etish tizimi muassasalarida koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida ko‘rsatmalar ishlab chiqilib, ijro uchun barcha muassasalarga yuborildi.

Jazoni ijro etish muassasalarida fuqarolar va jismoniy shaxslar vakillarini qabul qilish vaqtinchalik to‘xtatildi. Xodimlar va harbiy nazoratchilar tibbiy ko‘rikdan (tashqi ko‘rik va tana haroratini o‘lchash) o‘tkazilishi hamda muassasalarga kirayotgan barcha shaxslarni tibbiy niqoblarda yurishlari tashkillashtirildi, deb xabar bermoqda IIV.

Muassasalarga kirish joyida tashkil etilgan dezinfeksiya tunnelining doimiy ravishda ishlash sifati nazoratga olingan. Barcha muassasalarda “fumizator” uskunasi yordamida xloraktiv moddasi bilan dezinfeksiya qilish choralarini har kuni ikki marotaba (ertalab va kechqurun) o‘tkazilmoqda. Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalari tomonidan hududiy dezinfeksiya stansiyalari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq, muassasalarning barcha ob’ektlarida (yotoqxonalar, oshxona, uchrashuvxona va boshqa) har kuni bir marotaba dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirilyapti.

Tizimdagi barcha jazoni ijro etish koloniyalari hamda tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar himoya vositasi (yuz niqobi) bilan 100 foiz ta’minlanib, uning almashtirilishi tibbiyot xodimlari nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Muassasalar hududida faoliyat yuritayotgan savdo do‘konlariga barcha mahsulotlar faqat qadoqlangan holda kiritilyapti. Shuningdek, do‘konning kirish qismida maxsus sellofandan to‘siqlar joylashtirilib, savdo faoliyati maxsus darchalar orqali amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning 3 may kunidan boshlab, tizimdagi barcha jazoni ijro etish muassasalarida posilka yoki yo‘qlov va banderollar qadoqlangan holda qabul qilinmoqda. Pochta bo‘linmalari orqali qabul qilinayotgan posilka yoki yo‘qlov va banderollar tibbiyot xodimlari tomonidan tarkibida spirt saqlovchi vositalari bo‘lgan moddalar yordamida zararsizlantirilganidan so‘ng mahkumlarga berilyapti.

Tergov jarayoni yakunlangandan so‘ng, hibsxonaga keltirilayotgan shaxslar Sanitiariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining hududiy bo‘linmalari ma’lumoti yoki koronavirus infeksiyasi laborator tekshiruv natijalari asosida qabul qilinib, karantin uchun tashkil qilingan alohida xonalarda o‘n to‘rt kun mobaynida saqlanyapti. Tergov hibsxonalariga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilib, olib kelingan shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan holda, karantin uchun tashkil qilingan alohida xonada o‘n to‘rt kun mobaynida saqlanmoqda.

Tergov hibsxonalarida saqlanayotgan sud organlari ixtiyorida bo‘lgan shaxslarning sud protsessida ishtiroki video-konferens aloqalardan foydalangan holda amalga oshirilmoqdi. Tizimdagi barcha muassasalarda saqlanayotgan shaxslarni tergov va sud jarayoniga olib chiqilishi, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari bilan uchrashuvlari vaqtincha to‘xtatildi. 

Tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar bilan advokatlarning uchrashuvlari faqatgina hibsxonadagi qisqa muddatli uchrashuv xonasida o‘tkazilishi ta’minlanib, tana harorati 37o S va undan yuqori bo‘lgan hamda shamollash alomatlari yoki belgilari kuzatilayotgan advokatlarning kiritilishiga yo‘l qo‘yilmayapti.

Tizim muassasalarida saqlanayotgan shaxslarga uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlar berilishi to‘xtatilib, ularga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 76-moddasi talablari asosida telefon orqali so‘zlashuvlar ko‘paytirildi.

Har kuni jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni tana harorati tekshiriladi. Jazoni ijro etish muassasalarining barcha ob’ektlari koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot materiallari bilan jihozlandi. Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar o‘rtasida o‘tkir respirator kasalliklar aniqlanganda, ularni boshqa mahkumlardan ajratgan holda saqlash uchun alohida xonalarda (izolyator) 775 ta karantin o‘rinlari tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya - epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan tibbiy sanitariya - gigiyenik vositalar ajratilib, taqsimot jadvali asosida jazoni ijro etish muassasalariga tarqatildi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori o‘rinbosari Xans-Ulrix Im tomonidan 2020 yilning 10 aprel kuni insonparvarlik yordami sifatida berilgan 180 mln so‘mlik 15 turdagi turli tibbiy vositalar Toshkent viloyatidagi 21-son jazoni ijro etish koloniyasiga va 24-son tarbiya koloniyasiga tarqatildi.

Jazoni ijro etish muassasalarida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish uchun patogenetik dori - darmon, himoya (yuz niqobi) va dezinfeksiya vositalari zahirasini yaratish uchun qo‘shimcha 700 mln so‘m mablag‘ ajratildi;

Jazo muddatini tugashi munosabati bilan ozod etilayotgan, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinayotgan, jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilayotgan hamda saqlash rejimi o‘zgartirilib, manzil - koloniyalarga o‘tkazilayotgan mahkumlar tegishli transport vositalari orqali belgilangan manzillarga viloyat IIB YHXBlar bilan hamkorlikda yetkazilyapti. Manzil - koloniyalaridagi mahkumlar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy bo‘linmalariga biriktirildi. 

Amalga oshirilgan ishlar natijasida hozirgi kunga qadar jazoni ijro etish muassasalarida koronavirus infeksiyasi belgilari bo‘lgan hamda ushbu infeksiya bilan kasallanganlar aniqlanmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

105

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing