21 ta tashkilotda 1 trillion so‘mdan ortiq kamchilik, maqsadsiz va samarasiz xarajatlar aniqlangan – parlament

Jamiyat

image

2019 yilda byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan 21 ta tashkilot va korxonalarda tekshiruvlar o‘tkazilgan. Jami 1 trillion so‘mdan ortiq moliyaviy kamchiliklar, maqsadsiz va samarasiz xarajatlar aniqlangan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2019 yilgi hisoboti ko‘rib chiqildi.

Hisobot yilida byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan 21 ta tashkilot va korxonalar bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 1074,4 mlrd so‘mlik moliyaviy kamchiliklar, maqsadsiz va samarasiz xarajatlar aniqlangan. 
Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligida dori vositalarining xaridi qonuniyligi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirishda 218 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Bundan tashqari, dori vositalari va tibbiyot jihozlarining qimmat narxlarda sotib olinishi natijasida 104 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari ortiqcha sarflanganligi aniqlangan.

Hisob palatasi tomonidan 2019 yilda davlat buyurtmasi ijrosi yuzasidan yaratilgan ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning haqqoniyligini joylarga chiqib o‘rganilmaganligi hamda ularning natijasi bo‘yicha har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot kiritilmaganligi deputatlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Yig‘ilishda hududlarda byudjet daromadlarini ko‘paytirish va zahiralarini izlash hamda mavjud dastaklarni ishga solish o‘rniga Davlat byudjetidan berilgan mablag‘larni maqsadsiz va samarasiz sarf qilinishiga yo‘l qo‘yilayotgani, hududiy mutasaddilarning ushbu muhim masalaga e’tiborsizlik qilayotgani va boshqa kamchiliklar deputatlar tomonidan keskin tanqid qilindi.

Qo‘mita a’zolari tomonidan byudjet tizimi byudjetlariga mablag‘lar va boshqa byudjetdan tashqari jamg‘armalarga mablag‘lar tushumining to‘liqligini o‘rganish va nazorat qilishda Hisob palatasi tomonidan aniqlangan zahira va qo‘shimcha manbalar bo‘yicha hisobotlarning alohida yuritilishi, shuningdek, davlat auditini o‘tkazishda strategik yondashuv metodologiyasini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish, masalan, BMTning Barqaror rivojlantirish maqsadlari bo‘yicha O‘zbekistonda qabul qilingan dasturning bajarilishi ustidan davlat auditini tajriba tariqasida o‘tkazilishi tavsiya qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Parlament Hisob palatasi byudjet kamomad

Baholaganlar

157

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing