Deputat: “Ayrim IIV xodimlari salla desa kallani olish bilan band”

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining joriy yil 28 martdagi qaroriga ko‘ra 30 martdan 20 aprelga qadar mamlakatda maxsus ruxsatnoma (stiker)siz avtomobil boshqarishga taqiqlar o‘rnatildi. Keyinroq, ushbu cheklovlar skuter va velosipedlarga ham joriy etildi. Oradan ko‘p o‘tmay, stikersiz harakatlanishi mumkin bo‘lgan avtotransportlar ro‘yxati yangilangan edi. 

Ushbu tartib bo‘yicha tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlar xizmat va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalari ro‘yxatdan chiqarilib, davlat sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalari qoldirilgan edi. 

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maxfirat Xushvaqtova shifokorlar avtomobildan foydalanishga haqli ekani, biroq ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan huquqbuzarlik sifatida baholanilayotganiga o‘z munosabatini bildirdi

“Shifokorlar bugungi kunning haqiqiy qahramonlariga, eng kerakli shaxslariga aylanishdi. Ammo buni hamma ham jumladan, ayrim ichki ishlar organlari xodimlari to‘liq anglab yetmagan ko‘rinadi. 

Karantin sharoitida avtomobil harakati cheklandi. Ammo O‘zbekistonda koranavirus tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika komissiyasining 8 aprel kunidagi 17-son qarori bilan davlat va xususiy tibbiyot muassasalarining xizmat avtomashinalari va davlat muassasasida ishlovchi shifokorlarning shaxsiy avtomashinalari bilan harakatlanishiga ruxsat berilgan.

Ammo, menga davlat muassasasida ishlaydigan bir nechta shifokorlar mashinada harakatlanayotganlarida ichki ishlar organlari tomonidan to‘xtatilib, qarantin qoidalarini buzdingiz deya avtomoshinalarni jarima maydonchasiga qo‘yilayotgani bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi”, deydi u.  

Deputatning aytishicha, bu kabi murojaatlar “Adolat” SDP fraksiyasining qolgan deputatlariga ham kelayotgani ma’lum bo‘lgan. Maxfirat Xushvaqtova bu masala yuzasidan Adliya vaziri ham tushuntirish bergani haqida aytar ekan, Ichki ishlar vazirligida maxsus komissiya qaroriga zid biror bir buyruq, yo‘riqnoma ishlab chiqilgani haqida taxmin qilmoqda.

“Demak, masala jiddiy, u ko‘plab joylarda sodir bo‘lmoqda. Ishiga borib bemorlarni davolashi kerak bo‘lgan shifokorlar bugun ichki ishlar organlari xodimidan o‘z huquqini talab qilish bilan ovora. 

Qaror o‘z kuchidaligini Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham tasdiqladi. Siz va biz o‘qiganimiz hamda tushunganimizday shifokorlarga avtomashinalridan foydalanishga ruxsat berilgan. Ammo shu oddiy jumlalarni va haqiqatni nahotki, ayrim ichki ishlar organlari xodimlari tushunmagan bo‘lsa?

Bu yerda ushbu oqibatlarga olib keluvchi ikki xil sabab mavjud bo‘lishi mumkin. Ya’ni, vazirlik tomonidan maxsus komissiya qaroriga zid biror biror buyruq, yo‘riqnoma ishlab chiqilgan va ular shunga amal qilishmoqda.

Yoki ichki ishlar organlarining joylardagi ayrim xodimlari qaror talablarini va bugungi vaziyatni to‘liq tushunib yetmagan holda salla desa kallani olish bilan band”, deya keskin fikr bildirgan partiya a’zosi. 

So‘zining oxirida deputat mazkur vaziyat bo‘yicha ichki ishlar organlarining aniqlashtiruvchi munosabatini hamda xavfsizlikni ta’minlovchi xodimlarning sog‘liqni saqlovchi xodimlar faoliyatiga halaqit emas, aksincha, yordam berishlarini so‘rab qolgan.   


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1297

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing