Deputat Normativ-huquqiy hujjatlar soni ko‘pligidan nolimoqda

Jamiyat

image

Bugun, 13 iyul kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi hamda partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining kengaytirilgan qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilish partiyaning yangilangan dasturi, Saylovoldi dasturi loyihalarining muhokamasi, joriy yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlari saylovlarida samarali ishtirokini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan izchil demokratik islohotlar, Saylov kodeksining qabul qilinishi bo‘lajak saylovlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichda, ochiqlik, oshkoralik tamoyillari asosida kuchli partiyalararo raqobat, g‘oyalar va dasturlar kurashi ostida bo‘lib o‘tishidan dalolat beradi.

Bu esa, o‘z navbatida, OʻzLiDePning barcha tuzilmalari, deputatlik korpusi oldiga partiyaning ushbu saylovlarda munosib va samarali ishtirokini ta’minlash borasida qator vazifalar qo‘yadi. Ushbu vazifalar turli darajadagi vakillik organlari deputatligiga munosib nomzodlarni, ishonchli vakillarni tanlab olish, partiyaning o‘z elektorati, saylovchilar bilan aloqalarini mustahkamlash kabi masalalarni qamrab oladi.

“So‘nggi uch yil ichida partiya dasturiy hujjatlariga sezilarli o‘zgartirish kiritilmagan. Partiyaning dasturi va Saylovoldi dasturi Harakatlar strategiyasi bilan hamohang bo‘lishi kerak. Zero, u Prezidentimizning saylovoldi dasturlariga asoslangan bo‘lib, OʻzLiDePning prezident saylovlari oralig‘idagi dasturiy hujjatidir va bu partiyaga alohida mas’uliyat yuklaydi”, dedi OʻzLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov.

Ta’kidlanishicha, joriy yilda partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasining qarori bilan 5 ta yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruh shakllantirildi. Ular tortishuvlar va munozaralar asosida partiyaning dasturi va Saylovoldi platformasi loyihalarini ishlab chiqdi.

Ushbu hujjatlar muhokamasida mamlakatimizda parlament va boshqa vakillik organlarining roli, mavqeini oshirish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilinishini ta’minlash kabi masalalarga bag‘ishlangan aniq takliflar bildirildi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim sohalarida xususiy sektorni jadal rivojlantirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, aholi uchun arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni modernizatsiya qilish, kichik biznesni rivojlantirish masalalari ham yig‘ilish ishtirokchilari diqqat markazida bo‘ldi.

“Partiyaning yangilangan dasturi va Saylovoldi dasturi loyihalarida alohida e’tibor berishimiz kerak bo‘lgan masalalar bor. Prezidentmiz ham alohida ta’kidlayotgan qonun ijodkorligini loyihalarda eng asosiy vazifa qilib qo‘yishimiz kerak. Bugungi kunda normativ-huquqiy hujjatlar 13 ming 500 dan ortiq. Uni qo‘llash nafaqat tadbirkorlar balki biz uchun ham qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shuning uchun ham biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni ishlab chiqish vazifasini oldimizga qo‘yishimiz zarur. Qonunosti hujjatlarni qisqartirsak, tadbirkorlar faoliyatiga yengillik yaratgan bo‘lardik. Chunki qonunosti hujjatini qabul qilish, o‘zgartirish juda oson. Tadbirkor esa uzoq vaqt amal qiladigan hujjatlarni talab qilmoqda”, dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Rahim Hakimov.

Qonun hujjatlarida hali-hamon korrupsiya normalari mavjud. Ushbu normalarni ekspertizadan o‘tkazishning samarali mexanizmi amalda yo‘lga qo‘yilmagan. U yoki bu normalarning o‘zi korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yishi, ayrim davlat idoralariga ortiqcha vakolat berilishi yoki vakolatning suiiste’mol qilinishiga asos yaratib bermoqda. Shu bois, korrupsiyaga qarshi kurashish – bu nafaqat davlat, huquqni muhofaza qilish organlarining vazifasi, balki butun jamiyatimizning hayot tarziga aylanishiga erishishimiz zarur. Mavjud korrupsiyaga qarshi kurash tizimi negizida, davlat rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadigan va parlament yuqori palatasiga hisobdor bo‘lgan mustaqil davlat agentligini tashkil etish maqsadga muvofiq. Chunki mavjud idoralararo komissiya ishi o‘z natijadorligini ko‘rsatmadi. Dasturimizga shu va boshqa shunga o‘xshash takliflarni kiritmoqdamiz” dedi OʻzLiDeP siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi kotibiyat mudiri, Ekspertlar guruhi rahbari Nuriddin Murodov.

Mamlakatda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, jamiyatimiz rivojida “bilim jamiyati”, “bilim iqtisodiyoti” kabi tushunchalar negizida kadrlar malakasini oshirish, hududiy partiya tashkilotlari faoliyatini yanada jonlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, hududiy partiya tashkilotlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, saylovlarga oid zarur uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar muhokama qilindi.

Yig‘ilish yakunida joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Normativ-huquqiy hujjatlar

Baholaganlar

6

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar