Muammoni ko‘targan jurnalistning emas, muammoning ortidan tushing – Qamariddin Shayxov

Intervyu

Allamjonov OAV va blogerlarning “ovozini o‘chirish” kimlarga foyda keltirishini oshkor qildi north_east

Allamjonov OAV va blogerlarning “ovozini o‘chirish” kimlarga foyda keltirishini oshkor qildi

Ayni kunlarda O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligi masalasi yana kun tartibiga chiqqan. Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda, xususan Telegram’da shaxsiy sahifasiga ega bo‘lgan va u yerda respublika hayotiga doir ko‘plab m’lumotlarni bo‘lishib kelgan bir necha blogerlarning Telegram sahifasini buzib kirishga urinish ro‘y bergani ma’lum qilindi. Ushbu holatga Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Komiljon Allamjonov ham munosabat bildirib, O‘zbekistonda OAV va blogerlarning og‘ziga elak tutish, ularni cheklash nimalarga olib kelishi mumkinligini aytib chiqdi.

QALAMPIR.UZ rahbari Qamariddin Shayxov iyul oyi oxirida “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida jurnalist Navbahor Imomovaga aynan matbuot va so‘z erkinligining bugungi holati haqida gapirgan edi. Jurnalistga ko‘ra, O‘zbekistondagi ayrim davlat tashkilotlari tanqidiy maqolalar uchun jurnalistlarning ortidan emas, o‘sha maqolada yortilgan muammolar ortidan tushishi va jurnalistlar bilan birga muammoning yechimi ustida hamkorlik qilishi kerak.

“Men yaqinda ham aytdim: qaysidir axborot sizga yoqmayaptimi, uning ustida ishlang. Qaysidir maqola sizga yoqmayaptimi, o‘sha jurnalist bilan ishlang. Kelishmang! Muammoni hal etish yo‘lida ishlang. Jurnalistning ortidan tushmang. Maqolaning ortidan, unda ko‘tarilgan muammo ortidan tushing. 

Ayrim tashkilotlar shu narsani tushunib yetishi kerak: ular berayotgan axborot ham – xalq mulki. Ular bu axborotni ommaviy axborot vositasiga berishga majbur. 

Ayrim tashkilotlar borki, sal tanqid qilsangiz, to‘nini teskari kiyib, siz bilan umuman hamkorlik qilmay qo‘yadi. Bosim qilmaydi, lekin siz bilan ishlamaydi. Axborot bermaydi. Bor bunday tashkilotlar. QALAMPIR’ni o‘zining qora ro‘yxatiga kiritgan tashkilotlar bor. 

Men yaqindagina o‘sha tashkilotlar Matbuot xizmatlariga va AOKA (Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi)dagilarga aytdim: maqsad nima? O‘zi olib borayotgan ishni faqat o‘ziga yoqqan OAVga berib, faqat o‘sha yerning obro‘sini ko‘tarishmi yoki bu axborotni yaxshi-yomonidan, “qora ro‘yxat”daligidan qat’i nazar hamma bilan bo‘lishib, hamma bilan do‘stlashib, islohotlarni barcha qatlamga yetkazib, davlatning obro‘sini ko‘tarishmi? Maqsad alamzadalik bilan gina saqlashmi yoki tizimning mavqeini oshirishmi? Men bu savol bilan ko‘plab Matbuot kotiblarimizga murojaat qilyapman. 

Bilasiz, o‘zbekchilik qattiq tanqidni yomon ko‘radi. Masalan, QALAMPIR’da juda qattiq tanqidiy materiallar chiqadi. Lekin bu aloqani to‘liq uzib qo‘yish, hamkorlik qilmaslikka asos bo‘lolmaydi. Agar maqsadingiz xalq farovonligi, Prezident olib borayotgan islohotlarga ko‘makdosh bo‘lish bo‘lsa, demak siz OAV bilan ishlashingiz kerak va bunga majbursiz. 

Men yana bir marta aytaman: axborotga egalik qilishga Matbuot kotiblari yoki o‘sha tashkilotlar rahbariyatining haqi yo‘q. Axborot – xalq mulki. O‘sha tashkilot agar xalq uchun ishlayotgan bo‘lsa, Prezident topshirig‘ini bajarayotgan bo‘lsa, demak ishini ko‘rsatishi ham kerak”, deydi Qamariddin Shayxov. 

Jurnalist fikrlarda davom etarkan, ayrim ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlarning o‘zi ham xatolardan xoli emasligi, noprofessionallik damba-dam ko‘zga tashlanishini aytdi. 

Ushbu intervyuning to‘liq variantini ushbu manzilda tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Qamariddin Shayxov

Baholaganlar

170

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing