Shavkat Mirziyoyev Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 23 aprel kuni “Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ma’muriy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori

Mamlakatimizda tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish, eksport salohiyatini kuchaytirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, fitosanitariya, sanitar-epidemiologik, veterinariya, ekologik nazorat organlari va sertifikatlash organlari (keyingi o‘rinda – vakolatli organlar) faoliyatini o‘rganish natijalari ularning O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tuvchi tovarlar va transport vositalariga nisbatan nazorat funksiyalarini amalga oshirish samaradorligi va tezkorligini oshirish, shu jumladan, idoralararo elektron hamkorlikni jadal joriy qilish orqali takomillashtirish zarurati mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ma’muriy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4059-son qarorida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining (keyingi o‘rinlarda – “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi) 2021 yil 1 yanvarga qadar BMTning Savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va elektron ish amaliyotlari bo‘yicha markazi tomonidan ishlab chiqilgan “yagona darcha” mexanizmini yaratish bo‘yicha tavsiyalar va yo‘l-yo‘riq tamoyillari mezonlariga javob beradigan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimini (keyingi o‘rinda – “Yagona darcha” BAT) joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

“Yagona darcha” BATni joriy etishda tashqi iqtisodiy faoliyat (keyingi o‘rinlarda – TIF) sub’ektlariga quyidagi imkoniyatlarni yaratadigan mexanizm nazarda tutilsin:

import, eksport va tranzitga taalluqli barcha tartibga solish talablarini bajarish maqsadida standartlashtirilgan ma’lumotlar va hujjatlarni yagona o‘tkazish kanalidan foydalangan holda taqdim etish;

axborot almashinuvning maxfiyligi va xavfsizligini ta’minlovchi normativ-huquqiy baza bilan mustahkamlagan holda, tashqi savdo bitimlariga doir barcha axborotlarni almashish;

davlat bojxona xizmati, vakolatli organlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ruxsat etuvchi hujjatlarni rasmiylashtirishning bosqichlarini masofadan kuzatish;

barcha uchun ochiq bo‘lgan elektron shakldagi ruxsat etuvchi hujjatlar reyestrlarini (keyingi o‘rinlarda – Reyestrlar) yuritishga to‘liq o‘tish;

O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy mamlakatlardagi epizootik, karantin va fitosanitariya holatlari to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlarni
eng so‘nggi ko‘rsatkichlar holatida ushlab turish;
dastlabki ma’lumotlar asosida tovarlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga amalda yetib kelishiga qadar ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarni berish.

2. “Yagona darcha” BATning samarali va to‘liq faoliyat yuritishi, shuningdek, vakolatli organlarning nazorat punktlaridagi ishlarini tizimli yondashuv va doimiy nazorat asosida tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi (Azimov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (Shodmonov), Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (Norqobilov), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (Qo‘chqorov), “O‘zstandart” agentligi (Sattorov) va “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi (Ergashev) rahbarlarining shaxsiy javobgarligi ko‘rsatib o‘tilsin.

3. Tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlarini takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – Ishchi guruhi) ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

4. Ishchi guruhi 2019 yil 1 oktyabrga qadar bo‘lgan muddatda bojxona ma’muriyatchiligini isloh qilish, davlat nazorati samaradorligini oshirish, TIF ishtirokchilarining xarajatlarini qisqartirish sohasida tanqidiy tahlillar o‘tkazsin va tahlillar yakunlari asosida Tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonini takomillashtirish bo‘yicha konsepsiya va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash uchun kiritsin. Bunda quyidagilarga alohida e’tibor qaratilsin:

haddan ziyod ma’muriy to‘siqlar va davlat organlarining bir-birini takrorlovchi funksiyalarini bekor qilish;

resurslar cheklanganligi sharoitida davlat xarajatlarining erishilgan yoki kutilayotgan samaraga nisbatini inobatga olgan holda, xavf-xatarlarni boshqarishning to‘laqonli tizimini joriy etish;

“bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimini keng qo‘llash;

bojxona ko‘rigida tovarlar qadoqlarini buzib ochish holatlarini qisqartirish.

5. Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilaridan quyidagilarni talab qilib olish taqiqlansin:

ruxsat etuvchi xarakterga ega hujjatlarni berishda va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda – karantin ostidagi mahsulotlarni eksport va import qilishda zararsizlantirish (fumigatsiya) dalolatnomasini;

eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda – o‘rov varag‘ini;

import qilinayotgan tovarlarga vakolatli organlar tomonidan ruxsat beruvchi hujjatlar va muvofiqlik sertifikatlarini berishda –O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga kelganlik to‘g‘risida belgi qo‘yilgan tovarlarning kuzatuv hujjatlarini (tovar-transport yuk xati, invoys, hisob-faktura va boshqalar);

vakolatli organlar tomonidan beriladigan hujjatlarni olishda – ishonchnomalarni;

import tovarlariga muvofiqlik sertifikatini berishda – normativ hujjat nusxasi, sanitar-epidemiologik xulosa nusxasini;

vakolatli organlar tomonidan ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarni berishda – ishlab chiqaruvchi mamlakat to‘g‘risida sertifikatni;

2020 yil 1 yanvardan boshlab tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida, shuningdek, import qilinadigan tovarlarga muvofiqlik sertifikatini berishda – xalqaro shartnomalarda maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirishni talab qiladigan hujjatlardan tashqari, vakolatli organlar tomonidan qog‘oz shaklida beriladigan ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarning asli va nusxalari.

6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

veterinariya ruxsatnomalarini, fitosanitariya va veterinariya sertifikatlarini rasmiylashtirish uchun eksport qilishdan 30 kun oldin ariza bilan murojaat qilish zarurati to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi;

karantin ruxsati va ekologik sertifikatini berish muddati ularni olish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holda ariza berilgan kundan boshlab 5 ish kunidan oshmasligi kerak;

tovarlar va transport vositalari, agar mazkur tovarlar va transport vositalari qonun hujjatlariga muvofiq fitosanitariya va veterinariya nazoratiga tegishli bo‘lmasa, ularni fitosanitariya va (yoki) veterinariya nazoratidan o‘tkazish taqiqlanadi;

tranzit orqali O‘zbekiston Respublikasi hududidan o‘tuvchi karantin ostidagi tovarlarni karantin tekshiruvidan o‘tkazish haq olinmagan holda amalga oshiriladi;

bojxona yuk deklaratsiyasi “sariq” yo‘lakdan “qizil” yo‘lakka o‘tkazilgan holda mazkur o‘tkazishni amalga oshirgan xodim tomonidan bojxona tekshiruvini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi:

bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan birgalikda bojxona postlarida O‘zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan og‘ir yuk tashuvchi va yirik gabaritli transport vositalarining o‘tishi uchun to‘lovlarni avtomatik ravishda hisoblashni amalga oshiruvchi tizimni yaratsin va uning faoliyat yuritishini ta’minlasin;

bojxona postlari orqali kesib o‘tish vaqti to‘g‘risidagi har oylik statistik ma’lumotni har bir bojxona posti kesimida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi rasmiy veb-saytida e’lon qilish uchun har bir avtotransport vositasining kirish va chiqish vaqtini avtomatlashtirilgan qayd etish tizimini, shuningdek, yuk transport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktida bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini taqsimlash imkoniyatini beradigan navbatlarni boshqarish elektron tizimini joriy etish orqali bojxona postlarida avtotransport vositalari bo‘lish vaqtining cheklangan muddatini belgilasin;

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi bilan birgalikda tovarlarning alohida turlari uchun mo‘ljallangan laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan va eng optimal manzillarda joylashtirilgan maxsus o‘tkazish punktlari va bojxona postlarini tashkil etish masalasini o‘rganib chiqsin va zarur hollarda ularning ochilishini ta’minlasin;

uch oy muddatda Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari
va vakolatli organlar bilan birgalikda chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o‘tishning aniq muddatlarini (daqiqalarda) belgilashni, bojxona posti hududiga kirish va chiqish vaqtini qayd etish, shuningdek, bir-birini takrorlovchi nazorat funksiyalarini bekor qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida tekshiruv tartib-taomillaridan o‘tish reglamentini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
tovarlarning bojxona qiymatini xatarlarni boshqarish tizimining xavf ko‘rsatkichlari qatoriga kiritsin, shuningdek, qonunga xilof maqsadlarda davlat bojxona xizmati organlari mansabdor shaxslari tomonidan mezonlarni manipulyatsiya qilishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq choralar ko‘rsin;

vakolatli organlar bilan birgalikda muammoli masalalarni yechish uchun tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonlarining soddalashtirilishi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida yiliga ikki marta Tarif va notarif tartibga solish kengashining yig‘ilishlarida hisobot taqdim etib borsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda 2019 yil 15 iyunga qadar nazorat punktlari va vakolatli organlarining boshqa ob’ektlarini ma’lumotlarni uzatish tarmog‘iga ulashni ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi va “O‘zstandart” agentligi ma’lumotlarni uzatish tarmog‘iga ulanadigan nazorat punktlari va vakolatli organlarning boshqa ob’ektlari dislokatsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotni bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga taqdim etsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va AT “Xalq banki” xarajatlarni to‘liq qoplashni ta’minlagan holda chegaraoldi bojxona postlarida kechayu kunduz ishlaydigan, tegishli organlar tomonidan chegara postlarida ko‘rsatilgan xizmatlarga to‘lovlarni amalga oshirish, valyuta ayirboshlash, pul mablag‘larini naqd pulga almashtirish hamda boshqa naqd va naqdsiz hisob-kitob bank operatsiyalarini amalga oshirish imkonini beradigan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish terminallarini tashkil qilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi:

2019 yil 1 iyunga qadar joriy etilayotgan ruxsatnomalar berish tartibi doirasida har bir turdagi nazorat qilinadigan tovarni o‘rganishning alohida muddatlarini belgilagan holda, nazorat qilinadigan tovarlarning veterinariya normalari va talablariga muvofiqligini aniqlashning murakkablik darajasidan kelib chiqib, tasniflashni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda mamlakatimiz hududini yuqumli kasalliklarni qo‘zg‘atuvchilardan muhofaza qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalarini zamonaviy yuqori samarali dezinfeksiya qilish asbob-uskunalarini bosqichma-bosqich o‘rnatishni ta’minlasin.

12. “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni nazarda tutgan holda, karantinga olingan mahsulotlar uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishda ushbu mahsulotlar fitosanitariya holati va epizootik vaziyatini o‘rganish maqsadida mutaxassislarni xorijiy mamlakatlarga yuborish zaruratini aniqlash mezonlarini va yuborish tartibini belgilangan tartibda tasdiqlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi va “O‘zstandart” agentligi uch oy muddatda “Yagona darcha” BAT platformasida vakolatli organlar tomonidan tanlab olish asosida fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat o‘tkazish imkonini beradigan xavf-xatarlarni tahlil qilish tizimini ishlab chiqsin, shuningdek, ruxsat etuvchi hujjatlar dastlabki ma’lumotlardan foydalangan holda tovarlar O‘zbekiston Respublikasiga amalda yetib kelishiga qadar berilishini amalga oshirsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga ma’muriy tartib-taomillardan o‘tish qulayligi va davlat bojxona organlari, shuningdek, ularning xodimlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatishda normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi, xodimlarning professionalligi va tezkorligi, ularning aholi bilan muomala qilish etiketi darajasini muntazam baholab borish uchun “davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutidan foydalangan holda chora-tadbirlarni tashkil etish tavsiya etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi hamda “O‘zstandart” agentligi qonunchilik hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish uchun “davlat xizmatlarining sirli mijozi” monitoringi natijalarining ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, shu jumladan, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi ma’muriy tartib-taomillarni tubdan soddalashtirish va muddatlarini qisqartirish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.M.G‘aniyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri,
2019 yil 23 aprel


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

3

Reyting

3.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made