Bugun O‘zbekistonda nega hayit nishonlanmadi, nega hali ham ro‘za tutyapmiz?

Jamiyat

image

Ma’lumki, bugun, 4 iyun kuni dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, hatto, Rossiyada ham Ramazon hayiti bayrami nishonlanmoqda. Masjidlarda hayit namozi ado etildi. O‘zbekistonda bugun Ramazon oyining 30-kuni sifatida qayd etildi va Ramazon hayitini nishonlash 5 iyunga belgilandi. Ushbu holat ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo hay’ati esa mazkur masala bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda shunday deyiladi:

“O‘zbekistonda bugun, 4 iyun seshanba – Ramazon oyining 30-kuni, ertaga 5 iyun chorshanba – Ramazon hayitining birinchi kuni. Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda bugun hayit ekan, deb ixtilofga sabab bo‘lishyapti. Bu masalada O‘zbekiston musulmonlari ulamolari fatvosiga amal qilinadi.

Har yili Ramazon oyi boshlanishi va hayit kunini e’lon qilishda, O‘zbekiston ulamolari islom dini ko‘rsatmalari, yangi oyni kuzatish jarayonlari va Astranomiya instituti ma’lumotlariga tayanishadi. Mana shunday manbalarga asoslanib, diniy idora ulamolari obdon o‘ylab, keyin bir qaror qabul qiladi. Lekin, ayrim kishilar mazkur qaroriga itoat etmay, “bugun falon arab yurtida yoki falon mamlakatda hayit ekan”, deb ro‘zasini ochganlar ham uchramoqda. Ammo, bunday ish tutishdan dinimiz qaytaradi.

Ma’lumki, Islomda sanalar qamariy oy bilan hisoblanib, ularning boshlanishi yangi oy hilolini ko‘rinishi bilan belgilanadi. O‘zbekistonda Ramazon hayitining birinchi kunini belgilashda Astronomiya institutining hilol – yangi oyni ko‘rish haqidagi ma’lumoti va O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari xulosasi asos qilib olindi. Diniy soha mutaxassislari kuzatishlari va astranomik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekistonda shavvol oyining hiloli ko‘rinishi 4 iyun seshanba kuni kuzatilishi qayd etiladi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston musumonlari idorasi ulamolari tomonidan 5 iyun chorshanba kuni hayitning birinchi kuni deb e’lon qilindi.

Bunday to‘xtamga kelinishi Islom ta’limotiga muvofiq, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Yangi oyni ko‘rib ro‘za tutinglar va yangi oyni ko‘rib hayit qilinglar”, degan hadisi shariflariga to‘la mos keladi. Shuningdek, Islom fiqhi akademiyasining “Boshqa mamlakatlarda oyning ko‘rinishidan qat’i nazar, dunyoning qaysi bir mamlakatida yangi oy hiloli oddiy ko‘z bilan yoki astronomik jihozlar orqali ko‘rilgan bo‘lsa, unga amal qilishlari zarur deb hisoblansin”, degan qaroriga ham hamohangdir. 

Ramazon oyining to‘liq 30 kun bo‘lishi haqida muhaddislardan Abu Dovud va Nasoiyning sahoba Huzayfadan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambar (sallollohu alayhi va sallam) quyidagicha marhamat qilganlar: “Ramazon oyidan oldin tutmanglar, yangi oyni (Ramazon hilolini) ko‘ringlar. Ramazon kunlari sanog‘ini to‘ldiringlar!”. 

Mashhur muhaddislardan Imom Ahmad, Imom Muslim va Imom Termiziylarning Payg‘ambar (sallollohu alayhi va sallam)ning izdoshi, yetuk fiqh olimi Ibn Abbosdan keltirgan rivoyatiga ko‘ra: “Ramazon oyi o‘ttizga to‘ldiriladi va yangi Shavvol oyi boshlanadi”, deb ta’kidlangan.

Yuqoridagi asosli dalillar va ish boshilarning qaroriga amal qilish har bir ummat uchun vojib bo‘ladi. Hech qaysi bir shariat ko‘rsatmalarida ro‘zaning boshlanish kuni yoki Ramazon hayitining birinchi kunini aniqlashda muayyan bir arab yoki boshqa davlatga taqlid qilinsin, degan ko‘rsatma yo‘q. 

Bir qator arab davlatlari – Iordaniya, Falastin, Misrda, shuningdek, Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari – Indoneziya, Yaponiya, Malayziya, Hindiston va Avstraliyada kabi davlatlarda bu yilgi Ramazon oyi 30 kun bo‘lib, Shavvol oyi 5 iyun, chorshanba kunidan boshlanishi e’lon qilindi. Jumladan, Misr Arab Respublikasida ham yangi oy hiloli ko‘rilmagani uchun Fatvo hay’ati bayonotiga ko‘ra, bugun 4 iyun kuni Ramazon oyining 30-kuni bo‘lib, ertaga 5 iyun kuni Ramazon hayiti deb e’lon qilindi.

Demak, ibodat masalalarida ehtiyot bo‘lish kerak. Falon yurtda bugun hayit ekan, deb og‘izni ochib yuborish mumkin emas. Zero, Ramazon ro‘zasining boshlanishi ham, tugashi ham muftiy e’lon qilishi bilan aniq bo‘ladi.

Agar bir musulmon yurtda yangi oy chiqishini aniqlashga mas’ul idora ro‘za tutish yoki ro‘zani ochish bo‘yicha qaror chiqarsa, o‘sha yurt musulmonlari bunga itoat qilishlari, bo‘ysunishlari shart. Chunki bu hukm “Har bir yurt ahli o‘zlari yangi oyni ko‘radilar”, degan qarashga asoslangan bo‘ladi (“Hidoya”, “Olamgiriya” kitoblari asosida).

Shayx Yusuf Qarazoviy aytadi: “... Bir yurt yoki bir shahar fuqarolarining bir-biridan ajralib, bir guruhi bugun Ramazon deb ro‘za tutishi, boshqasi uni Sha’bondan deb tutmasligi, oy oxirida esa, bir guruhi ro‘za tutib, bir guruhi hayit qilishi qabul qilinmaydigan bir holatdir”.

Mazkur masalada yurtimiz va xorijdagi mashhur ilm ahllari ham bunday sharoitda mo‘min-musulmonlar jamligi va birligiga putur yetmasligi hamda boshqa quvvatli dalillar asosida O‘zbekiston musulmonlari ulamolari fatvosiga amal qilishga chaqirdilar.

Xulosa shuki, ushbu masalada har bir yurt ahli ulamolari qaroriga amal qilishlari kerak. Demak, ayrim mamlakatlarning Ramazon hayitini boshlashi bizning hayitni boshlash kunidan farq qilishi mumkin. 

Shuning uchun mo‘min-musulmonlarimizni yuqorida bayon qilinganlarni chuqur anglab, boshqalarga taqlid qilib, xatoga yo‘l qo‘ymasliklariga chaqiramiz.

Demak, O‘zbekistonda bugun, 4 iyun seshanba – Ramazon oyining 30-kuni, ertaga 5 iyun chorshanba – Ramazon hayiti kunidir”.
 


Maqola muallifi

Teglar

Ramazon hayiti

Baholaganlar

77

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing