Ruslar YeIga qadam bosolmaydigan bo‘lib qolishi mumkin

Olam

image

Rossiya G‘arbning xatti-harakatlarini hisobga olgan holda, mamlakat fuqarolariga Shengen vizasi berilmasligi ssenariysini istisno qilmaydi. Bu haqda Rossiya TIV konsullik departamenti direktori Ivan Volinkin TASSga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Vazirlik rossiyaliklarga Shengen vizalarini berishni to‘xtatish uchun Yevropadan kelayotgan chaqiriqlarni diqqat bilan qayd etmoqda. Ushbu bayonotlarning aksariyati jirkanch siyosatchilar yoki jamoat arboblari – rusofoblar tomonidan aytilyapti va biz ularni shunga mos ravishda qabul qilyapmiz”, degan diplomat.

Shu bilan birga, u Rossiyada joylashgan Latviya, Litva, Polsha, Chexiya va Estoniya konsullik muassasalarida Rossiya fuqarolari uchun viza rasmiylashtiruvi deyarli to‘liq to‘xtatilganini qo‘shimcha qilgan.

“Shengen kelishuviga a’zo boshqa davlatlar bilan konsullik aloqalari tubdan yomonlashgan taqdirda, hatto imkonsiz bo‘lib ko‘ringan ssenariylarni ham inkor etib bo‘lmaydi”, degan Volinkin.

Rossiya TIV departamenti rahbarining ta’kidlashicha, Moskva RF va Yevropa fuqarolarining o‘zaro sayohatlari imkoniyatlarini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda hamda Yevropa Ittifoqining pragmatizmi va sog‘lom fikrlashiga umid qilmoqda.

“Ammo biz rossiyaliklarga Shengen vizalarini berishni to‘liq to‘xtatish haqidagi faraziy vaziyat haqiqatga aylanayotganini tasavvur qilsak ham, biz Yevropaning alohida davlatlari bilan ikki tomonlama asosda viza bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ishonishimiz mumkin”, deya xulosa qilgan u.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Evropa Ittifoqi Shengen vizasi

Baholaganlar

367

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made