Rossiyaning to‘rtta viloyati dron hujumiga uchradi

Olam

image

Rossiyaning to‘rtta viloyati yana uchuvchisiz samolyotlar tomonidan hujumga uchradi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi bayonot berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 1 mayga o‘tar kechasi Voronej viloyati hududida uchta, Ryazan, Belgorod va Kursk viloyatlari ustida bittadan uchuvchisiz samolyot urib tushirilgan.

Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusevning so‘zlariga ko‘ra, samolyotlardan biri viloyat markazida urib tushirilgan.

“Bir uchuvchisiz samolyotning qoldiqlari qulashi oqibatida uchta xususiy uyga zarar yetdi: uylarning derazalari, fasadlari, panjaralari va eshiklari shikastlangan”, deb yozdi u Telegram-kanalida.

Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkov o‘z viloyatida hech kim jabrlanmaganini aytdi. Kursk viloyati rahbari Roman Starovoyt ehtimoliy vayronagarchilik va qurbonlar haqida ma’lumot bermay, Medvenskiy tumanidagi hujumni tasdiqladi.

Ayni paytda, “Ukrayinska pravda” nashri Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasidagi manbasiga tayanib, Ryazan va Voronej viloyatlaridagi neftni qayta ishlash zavodlari uchuvchisiz samolyotlar yordamida vayron qilingani haqida yozmoqda.

“1 mayga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujum Davlat razvedka boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan maxsus operatsiya bo‘ldi. Ryazandagi harbiy nishonga katta zarar yetdi”, deydi nashr suhbatdoshi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Voronej viloyatidagi hujum oqibatlariga oydinlik kiritilmoqda.

Qayd etish joizki, bahor boshidan beri Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar kuchaydi. Xususan, 12 mart kuni Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri – Nijniy Novgorod neftni qayta ishlash zavodida yong‘in sodir bo‘ldi, 13 mart kuni esa dronlar Ryazan neft zavodi va Rostov-Don yaqinidagi Novoshaxtinskiy neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. 16 mart kuni dronlar Samara viloyatidagi ikkita neftni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. 17 martga o‘tar kechasi dronlar Slavyansk-na-Kuban shahridagi Slavyansk neftni qayta ishlash zavodiga hujum qilishga uringan. 27 aprel kuni Slavyansk neftni qayta ishlash zavodiga yangi hujum uyushtirildi. Mahalliy matbuotning xabar berishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining uchuvchisiz samolyotlari Krasnodar o‘lkasining Severskiy tumanidagi Ilskiy neftni qayta ishlash zavodiga ham hujum qilgan.

“AQSH Ukraina hukumatini Rossiya energetika infratuzilmasiga hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi”, deb yozdi 22 mart kuni “Financial Times” gazetasi Oq uydagi o‘z manbalariga tayanib. 

Nashrning ta’kidlashicha, bu chaqiriq AQSHning neftning jahon narxlari oshishidan qo‘rqishi, shuningdek, Rossiyaning mamlakat g‘arbida joylashgan neftni qayta ishlash zavodlari, terminallari, omborlari va neft omborlariga qilingan hujumlariga munosabati bilan bog‘liq. Ayni paytda Ukraina neftni qayta ishlash zavodlarini qonuniy harbiy nishonlar deb biladi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina dron hujumi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made