Uylar davlat tomonidan bepul qurib-ta’mirlab beriladi – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bugun, 15 may kuni Sardoba tumanida mahalliy aholi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbari uchrashuvda suv omborida yuz bergan texnogen avariya juda katta sinov bo‘lganini, Hukumat komissiyasi tashkil etilib, toshqin oqibatlarini bartaraf etishga barcha kuch va imkoniyatlar safarbar qilinganini yana bir bor qayd etdi.

“Bu ishlarni tashkil etish va Sirdaryo xalqidan xabar olish uchun bugun to‘rtinchi marta sizlarning oldingizga keldim. Har soat, har daqiqa bu yerdagi ishlar holatini surishtirib turibman, telefon orqali hisobot olyapman“, deydi davlat rahbari.

Aholining turmush sharoitlarini tiklash asosiy vazifa ekani, zararlangan uylarni ta’mirlash hamda yangi turar joylar qurish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgani ta’kidlandi.

“Ta’mirlanadigan uylar ham, yangi quriladiganlari ham davlat tomonidan bepul qurib-ta’mirlab beriladi. Odamlar yangi ko‘p qavatli uylarga va o‘zlarining ta’mirlangan hovli-joylariga 1 sentyabrgacha to‘liq ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, uylari zararlangan odamlarning ilgarigi hovlilari ham o‘zlarida qoladi“, deydi Prezident.

Suv toshqinidan zarar ko‘rgan 4,5 mingdan ziyod xonadon egalarining har biriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentidan 40 million so‘mlik moddiy yordam, shuningdek, televizor, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, minipech, elektr choynak va dazmol kabi maishiy texnikalardan iborat sovg‘alar topshirilmoqda.

Alisher Usmonov ajratgan 10 million dollar xayriya mablag‘i ham shunga yo‘naltirilgan. Sirdaryo viloyatiga ko‘mak uchun hokimliklar, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda tadbirkorlar ham yordam ko‘rsatgan.

Uchrashuvda qatnashgan sardobaliklarga tegishli sertifikat va bank kartochkalari tarqatildi.

 

Maqola muallifi

Teglar

Sardoba suv ombori

Baholaganlar

150

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing